Surxondaryo viloyatining prokuraturasi matbuot xizmatining xabar berishicha, viloyatning to‘rtta tumanidagi elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i va mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Xususan, Muzrabot tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i A. Q. va boshqalar xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan yuridik shaxsning elektr energiyasidan qariyb 264 mln so‘mlik to‘lov muddati o‘tgan debitorlik qarzdorligi mavjud bo‘lsada, iste’molchilarni elektr energiya tarmog‘idan uzmagan.

Shuningdek, suv ta’minot bo‘limi muhandis energetigi B. K. suv nasoslari hamda elektrodvigatellarni elektr hisoblagichdan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulab foydalanib kelinayotganligi oqibatida «Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi manfaatlariga 129,7 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan departamentning Muzrabot tuman bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi, 185−2-moddasi (Qimmatbaho metallar yoki toshlarni topshirish qoidalarini buzish) va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Qiziriq tumani elektr ta’minoti korxonasining energiya sotish bo‘yicha boshliq o‘rinbosari X. J. «Yevroaziya shifer» MCHJga qarashli g‘isht ishlab chiqarish zavodida elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishi oqibatida jami 474,8 mln so‘mlik ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Boshliq o‘rinbosari 1 dekabr holatiga ko‘ra, 3,02 mlrd so‘mlik qarzdorligi mavjud bo‘lsada, elektr energiyasi tarmog‘idan uzmasdan jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Shunga o‘xshash holat, Sherobod tumanida ham aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ETK boshlig‘i Q. K. mansab vakolatidan foydalanib, tumandagi 208 nafar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganligi holati yuzasidan rasmiylashtirilgan 487 mln so‘mlik dalolatnomalar tegishli tartibda qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etmagan.

Uzun tumani ETK boshlig‘i G‘. A. va boshqalarga nisbatan mansab vakolatidan qasddan foydalanib, «Iskandar Turdialiyev», «Nurafshon», «Agro omad» fermer xo‘jaliklari elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishi oqibatida jami 141 mln so‘mga yaqin miqdorda zarar yetkazilgani aniqlagan bo‘lsada, yetkazilgan moddiy zararni o‘rnini qoplash choralarini ko‘rmagan.

Dekabr oyining boshidagi holat bo‘yicha 2,6 mlrd so‘mlik qarzdorligi mavjud bo‘lsada, elektr energiyasi tarmog‘idan uzmagani ma’lum bo‘ldi.

Yuqoridagi har uchala holat yuzasidan 12 dekabrda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kuni kecha Shavkat Mirziyoyev videoselektorda aholini qiynayotgan energiya ta’minoti masalasiga to‘xtalib, elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar, o‘g‘irliklar davom etayotganini tanqid qilgandi. Qator mutasaddilarning «qishga tayyorgarlikni barbod qilgani, shuncha qilayotgan islohotlarni obro‘sizlantirganini» ta’kidlagandi.

Shu bilan birga, prezident so‘nggi yillarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun bosh vazir birinchi o‘rinbosari Achilbay Ramatovga va elektr energiya sohasidagi korxona rahbarlariga hayfsan bergandi. Mamlakatda energiya ta’minoti «qo‘l boshqaruvi» orqali emas, tizim asosida ishlashi kerakligini ma’lum qilgandi.