15 dekabrga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan 00:00 da Qatarda bo‘lib o‘tayotgan JCH-2022`ning ikkinchi yarim finaliga — Fransiya va Marokash o‘rtasidagi bahsga start berildi. Musobaqa sensatsiyasiga aylangan Marokash terma jamoasi yulduzli Fransiya terma jamoasi bilan tengma-teng olishga harakat qildi, biroq fransiyaliklar javobsiz ikkita gol urishga muvaffaq bo‘lishdi.

Fransiya — Marokash 2:0

Fransiya terma jamoasi chorak finalda Angliya bilan kuch sinashdi va 1:2 hisobida undan ustun keldi. Marokash terma jamoasi esa chorak finalda Portugaliya terma jamoasini musobaqadan chiqarib yubordi va Ispaniya bilan bo‘lib o‘tgan nimchorak finaldan so‘ng ikkinchi sensatsion natijani qayd etdi.

Fransiya — Marokash bahsi «Al-Bayt» stadionida, 68 294 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yinni meksikalik hakam Sesar Arturo Ramos boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqardi. O‘yinda to‘pga egalik qilish bo‘yicha Marokash terma jamoasi ustun keldi: 39% ga 61%. Zarbalar bo‘yicha hisob — 9:8, Fransiya terma jamoasi oldinda. Biroq aniq zarbalar bo‘yicha hisob teng bo‘ldi — 3:3. Bu galgi o‘yipda Marokash darvozaboni Bunu seyv amalga oshira olmadi, Ugo Loris esa ikki marta seyv amalga oshirdi. Marokashliklarda gol urish uchun o‘yin davomida ko‘pgina yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, ammo bundan unumli foydalana olishmadi.

Fransiya terma jamoasi 5-daqiqadayoq o‘yindagi hisobni ochdi. Golni Teo Ernandes kiritdi. Mbappe ikki marta darvozaga zarba yo‘llashga harakat qildi, ammo marokashliklar bunga halaqit qilishdi, oxir-oqibat Teo Ernandes uzoq burchakka qarab kelayotgan to‘pni chap oyoog‘i bilan darvozaga to‘g‘irlab qo‘ydi.

жч-2022, фuтбол, қатар

Foto: Reuters

10-daqiqada Marokash terma jamoasi hisobni tenglashtirishi mumkin edi, biroq Ugo Loris seyv amalga oshirdi. Marokash terma jamoasi futbolchilari Mbappeni juda yaxshi qo‘riqlashdi. Biroq bu unga o‘yindagi ikkala golda ham ishtirok etishga, aniqrog‘i hujumda asosiy rol o‘ynashga halaqit qila olmadi. U 36 daqiqada hatto birga-bir vaziyatga chiqdi, ammo Bunu uning zarba yo‘llashiga halaqit qildi.

жч-2022, фuтбол, қатар

Foto: Reuters

44-daqiqada Marokash terma jamoasi burchak to‘pi ishlab oldi. Hakim Ziyesh amalga oshirgan burchak to‘pidan so‘ng to‘p Al Yamik tomon yo‘l oldi, u esa darvozaga qaychi uslubida zarba berdi. Ammo zarba darvoza to‘siniga borib tegdi. Musobaqaning eng chiroyli zarbalaridan biri! Balki gol bo‘lganida eng chiroyli gol nominatsiyasiga nomzod bo‘lar edi.

жч-2022, фuтбол, қатар

Foto: Reuters

60-daqiqalarda Fransiya terma jamoasi golga bir necha bor yaqin keldi. 79-daqiqadagi hujumda to‘pga egallab olgan Mbappe o‘z driblingi bilan 3−4 nafar Marokash futbolchisini o‘z atrofiga to‘pladi va ushbu pozitsiyadan to‘pni darvoza to‘sini tomonga yo‘naltirdi. O‘sha atrofda turgan Kolo-Muani esa bu vaziyatda xato qilmadi va to‘pni osonlik bilan darvozaga yo‘naltirdi. Hisob — 2:0!

жч-2022, фuтбол, қатар

Foto: Reuters

O‘yinning so‘nggi daqiqalarida Marokash terma jamoasi ketma-ket hujumlar amalga oshirdi, biroq hujumlarni golga aylantira olishmadi. O‘yin 2:0 hisob bilan yakunlandi. Fransiya terma jamoasi finalga yo‘l olmoqda. U yerda fransiyaliklar Argentina terma jamoasi bilan kubok uchun kurashadi. Marokash terma jamoasi esa Argentinaga mag‘lub bo‘lgan Xorvatiya terma jamoasiga qarshi musobaqaning uchinchi o‘rini uchun bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, JCH-2022`ning uchinchi o‘rin uchun bo‘ladigan o‘yini 17 dekabr kuni soat 20:00 da bo‘lib o‘tadi. Final uchrashuvi esa 18 dekabr soat 20:00 da boshlanadi va uchrashuvdan so‘ng musobaqa g‘oliblari taqdirlanadi.