O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Bosh prokuratura, IIV, DXX, Milliya gvardiya, Energetika vazirligiga elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar, o‘g‘irliklar bo‘yicha nazoratni kuchaytirishni topshirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Viloyat hokimlariga o‘n kun muddatda obyektlarga birma-bir borib ko‘rib, sharoit va aholiga xizmat sifatini yaxshilash, energiya sarfi va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha taklif berish topshirildi.

«Bugundan boshlab hokimlar, sektor rahbarlari hamma kuchini safarbar qilib, sharoit og‘ir mahallalarda odamlarni rozi qilish bilan shug‘ullanishi kerakligi ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev. Foto: Prezident matbuot xizmati.Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev. Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Umuman, energiya resurslari ta’minotidagi bugungi vaziyat tarmoq va hudud rahbarlari uchun katta saboq bo‘lishi lozim. Energiya ta’minoti „qo‘l boshqaruvi“ orqali emas, tizim asosida ishlashi kerak», — dedi davlatimiz rahbari.

Ikki oy muddatda energiya ta’minoti tizimini o‘zgartirish, yangi talablarga moslashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Ai-80 markali benzin narxini tushirish uchun 1 martgacha joriy etilgan aksiz solig‘idan ozod qilish imtiyozi joylarda «o‘yinga aylanib ketmasligi» kerakligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh prokuratura va Monopoliya qo‘mitasiga viloyat hokimlari bilan birga:

  • birja savdolarida va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxining sun’iy oshib ketishining oldini olish choralarini doimiy ko‘rib borish;
  • suyultirilgan gaz va ko‘mirni aholiga o‘z vaqtida yetkazib berish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Avvalroq xuddi shu majlisda bugungi og‘ir vaziyatda elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar, o‘g‘irliklar davom etayotgani, bunga joylardagi rahbarlar befarq va sherik bo‘layotganiga chidab bo‘lmasligi qayd etilganini xabar qilgan edik.

Dekabr oyi boshidan qariyb 3 mingta, so‘nggi ikki kunda esa 1,5 mingta bunday holat aniqlandi. Ular ayniqsa, Farg‘ona (617 ta), Andijon (325 ta), Samarqand (252 ta), Namangan (220 ta), Sirdaryo (218 ta), Toshkent shahrida (269 ta) ko‘p.