sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan SHHT sammiti sababli navbatdan tashqari ta’til berilgan maktab o‘quvchilari qishki ta’tildan boshqa joylardagiga nisbatan ertaroq qaytadi, deya xabar bermoqda viloyat xalq ta’lim boshqarmasi.

Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining qaroriga ko‘ra, Samarqand shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga, shuningdek, Oqdaryo, Toyloq, Samarqand tumanlarining mahalliy kengashlari qarorlari va Jomboy tuman hokimligining tegishli farmoyishiga asosan Samarqand tumanidagi 3 ta (7-,23-,53-), Toyloq tumanidagi 5 ta (11-,12-,15-,17-,59-), Oqdaryo tumanidagi 5 ta (25-,38-,39-,41-,48-), Jomboy tumanidagi 6 ta (5-,6-,8-,22-,20- va 44-) umumta’lim maktablariga 5−19 sentabr kunlari navbatdan tashqari ta’til berilgan.

Qarorlarda qoldirilgan dars soatlari o‘quv yili davomida beriladigan ta’tillar hisobiga qoplanishi belgilangan. Shunga ko‘ra, muassasalarda 5, 6, 7 va 8 sentabr kunlari qoldirilgan darslar kuzgi ta’tilning 4, 5, 7 va 8 noyabr hisobidan to‘ldirilgan.

Shuningdek, 9, 10, 12, 13, 14 sentabr kunlari qoldirilgan darslar o‘rni qishki ta’til kunlarining oxirgi 5 kuni hisobidan, (5, 6, 7, 9, 10 yanvar kunlari) jami 5 o‘qish kuni hisobidan to‘ldiriladi.

Bundan tashqari, 15, 16,17 sentabr kunlari qoldirilgan dars mashg‘ulotlari o‘rni esa 2023 yil bahorgi ta’tilning oxirgi 3 o‘qish kuni hisobidan qoplanadi.