Qoraqalpog‘istonda 1−2 iyul kunlari yuz bergan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha jami 171 kishi ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan. Bu haqda Bosh prokuraturaning Qoraqalpog‘istondagi iyul voqealarini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan Mustaqil parlament komissiyasining murojaatiga javoban taqdim etgan axborotida ma’lumot berilgan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan dastlab 516 kishi ushlangan bo‘lib, shundan 5 nafariga nisbatan uy qamog‘i hamda 166 nafariga nisbatan Jinoyat kodeksida ko‘zda tutilgan jinoyatlari uchun qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

«Qolgan huquqbuzarlarga nisbatan esa sud tomonidan ma’muriy javobgarlik doirasida qamoq jazosi tayinlangan», — deyiladi Bosh prokuratura axborotida. Voqealar vaqtida ushlanganlarning bir qismi jarima yoki bir necha sutkalik ma’muriy qamoq tarzida javobgarlik tayinlangani haqida avval ham xabar berilgan edi.

Qamoqqa olingan 107 nafar ayblanuvchiga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot choralari Mustaqil komissiya, jamoatchilik so‘rovi va kafilligi hamda deputatlik korpusining kiritgan iltimosnomalari asosida o‘zgartirilgan.

Xususan, ularning 10 nafariga uy qamog‘i va 97 nafariga jamoa kafilligi ehtiyot choralari qo‘llanilib, qamoqdan ozod qilingan. Keyinroq uy qamog‘ida saqlanayotgan 14 nafar ayblanuvchiga nisbatan ham ehtiyot chorasi jamoa kafilligiga o‘zgartirilgan.

Ayni vaqtda jinoyat ishining 22 kishiga oid qismi (20 nafariga qamoq, 1 nafariga jamoa kafilligi va 1 nafariga uy qamog‘i qo‘llanilgan) ayblov xulosasi bilan tamomlanib, sudga yuborilgan, sud jarayonlari Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tmoqda.

«Qolgan ayblanuvchilar va boshqa holatlar yuzasidan jinoyat ishi alohida ish yurituvga ajratilgan», — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Idoraning qo‘shimcha qilishicha, alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov yakunlanmoqda, ish bo‘yicha 39 nafar ayblanuvchi qamoqda saqlanmokda.