O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni Uchtepa tumanidagi «Shirin» mahallasini borib ko‘rdi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, tashrif oldindan rejalashtirilmagan bo‘lgan.

Muz qoplangan trotuardan yurib turib, prezident bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev, tuman hokimi Farhod Abdullayev va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Xidoyatov va boshqa mutasaddi rahbarlarga noroziligini bildirdi.

«Mana hozir, bechoralar chiqadi, yiqiladi, kim la’nat deydi? Prezidentga la’nat deydi», — deya tanqid qildi Shavkat Mirziyoyev. «Sizlar ishlamaganlaring uchun davlat yomonga chiqyapti», — dedi davlat rahbari tuman hokimiga yuzlanib.

14 dekabr kuni tong vaqtida Uchtepa tuman hokimligi to‘q sariq rangli jilet kiygan odamlar tunda ko‘p qavatli uylar kiraverishi oldidagi yo‘llarni belkurak va supurgi bilan muzdan tozalayotgani aks etgan bir nechta videolarni e’lon qildi.

«Kuni-kecha prezidentimizning Uchtepa tumanidagi „Shirin“ mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrifi chog‘ida ko‘p qavatli uylarni kirish yo‘laklarini qor va muzdan tozalash yuzasidan davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan topshiriqlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan tezkor choralar ko‘rilmoqda», — deyiladi hokimiyat xabarida.