Qoraqalpog‘istondagi 1−2 iyul kuni yuz bergan voqealar vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan namoyishchilarga qarshi qurol qo‘llanilgani holati bo‘yicha alohida jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha tuzilgan Mustaqil parlament komissiyasining murojaatiga javoban e’lon qilgan axborotida ma’lumot berilgan.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Nukusdagi voqealar vaqtida 1 iyul kuni Jo‘qorg‘i Kenges ma’muriy binosi, 2 iyul kuni Nukus shahar IIO FMB va aeroport binosi oldida ushbu obyektlarga amalga oshirilgan hujumlarni bartaraf etish maqsadida o‘qotar qurol va maxsus vositalardan foydalanilgan.

«Jamoatchilikni xavotirga solayotgan ushbu holatlar bo‘yicha, xususan, [jamoat tartibini saqlashga safarbar qilingan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ommaviy tartibsizlik ishtirokchilariga nisbatan] o‘qotar qurol va maxsus vositalar qo‘llanilishining qonuniyligi yuzasidan alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari davom ettirilmoqda, tergov yakuniga ko‘ra, ushbu holatlarga huquqiy baho beriladi», — deyiladi idora axborotida.

Ta’kidlanishicha, hozirda Nukus voqealari vaqtida ikki fuqaroning vafoti yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Prokuratura axborotida «tergov yakuniga ko‘ra aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan qonuniy qarorlar qabul qilinishi ta’minlanishi» qayd etib o‘tilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, «dastlabki tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan xizmat vakolatidan chetga chiqib, zaruriyatsiz kuch va vositalar ishlatilganligi o‘z tasdig‘ini topib, sud muhokamasiga yuborilgan taqdirda, Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqiladi».

Nukus voqealari vaqtida o‘qotar quroldan foydalanilgani haqida «Gazeta.uz» muxbirlari bilan suhbatlashgan jabrlanuvchilar va hodisalarning guvohlari ham, shuningdek, Buxoro viloyat sudida davom etayotgan jarayonga jalb etilgan bir qator ayblanuvchilar ham ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus voqealari vaqtida «agar kuch tuzilmalari tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, ularning ham jinoiy javobgarligi ta’minlanishi»ni ma’lum qilgan edi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 171 ishi ayblanayotgani haqida xabar berilgan edi. Hozirda sud qilinayotgan 22 kishidan tashqari, yana 39 kishi ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha qamoqda saqlanmoqda.