Noyabr oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori oktabr oyidagi biroz pasayishdan keyin xaridorlarni qayta jalb qildi. Bu haqda iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining «Gazeta.uz» ga taqdim etgan sharhida ma’lum bo‘ldi.

Bir oy ichida respublikada ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan oyga nisbatan 7,8 foizga oshdi.

Uy-joy savdosining eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazmda — 38%, Navoiy viloyatlarida — 24% va Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 23% qayd etildi.

Yil boshidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uy-joy savdosining o‘sishi 9 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning noyabriga nisbatan ko‘chmas mulk bozoridagi shartnomalar soni 8,1 foizga oshdi.

ko‘chmas mulk bozori

Ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomalari sonining o‘zgarishi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 1 noyabrdan boshlangan ipoteka kreditlaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha kengaytirilgan dastur ko‘chmas mulk bozoridagi faollik va talabni rag‘batlantirmoqda.

Xususan, tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uy-joylar uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berildi. Uy-joylar uchun dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini subsidiya olish orqali qoplash mumkin. Bundan tashqari, 2021 yilda ipoteka kreditlarini ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiyalarni ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati yil oxirigacha uzaytirildi.

Toshkentda uy-joy ijarasi narxlarining o‘zgarishi

Kuzning so‘nggi oyida poytaxtda ijara narxlarining pasayishi qayd etildi. oktabr oyiga nisbatan noyabr oyida Toshkent shahrida ijaraga beriladigan uy-joy narxi 5,8 foizga kamaydi. Shu bilan birga, yil boshidan beri poytaxtda o‘rtacha ijara narxi 35 foizdan oshdi va 1 kvadrat metr uchun deyarli 10 dollarni tashkil etdi.

1 kv.m uchun eng yuqori ijara narxi Shayxontohur (13,2 dollar), Mirobod (12,3 dollar) va Yakkasaroy (12,2 dollar) tumanlarida qayd etildi. Nisbatan arzon narxlar Uchtepa (8,1 dollar), Sergeli (7,2 dollar) va Bektemir (6 dollar) tumanlarida qayd etildi.

Ikkilamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozoridagi faollik

Noyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi 3,9 foizga oshdi (iyul oyida — 2,5%, avgust oyida — 0,5%, sentabr oyida — 1,1%, oktabr oyida — 2,3%).

Yil boshidan buyon ikkilamchi bozorda uy-joylarning tez o‘sishi kuzatilmoqda. Xususan, respublikada 1 kv.m uchun uy-joy narxi 15,8 foizga oshdi.

Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli o‘sishi Toshkent — 22,9%, Navoiy — 22% viloyatlar va Toshkent shahrida — 22,7% kuzatildi. Poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozoridagi narx bir oy ichida 2,4%ga qimmatlashdi (iyul oyida — 2,4%, avgust oyida — 1,4%, sentabr oyida — 1,7%, oktabr oyida — 4,6%).

ko‘chmas mulk bozori

Toshkent shahrida va hududlar ma’muriy markazlarida ikkilamchi uy-joy narxlarining o‘zgarishi (1 kv.m uchun AQSh dollarida.

Narxlarning eng yuqori o‘sishi poytaxtning Bektemir — 12%, Mirobod — 5% va Yunusobod — 4% tumanlarida qayd etildi.