Markaziy bank pul agregatlari haqida taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda keng ma’nodagi pul massasi noyabr oyida 5,9 trln so‘mga ortib, 1 dekabr holatiga 177,2 trillion so‘mga yetgan.

Xususan, milliy valyutadagi pul massasi 389 mlrd so‘mga ko‘payib 125,1 trln so‘mni tashkil etmoqda. Boshqa depozitlar qoldig‘i esa qariyb 3,8 trillion so‘mga oshgan.

Shuningdek, chet el valyutasidagi depozitlar qoldig‘i 5,5 trln so‘mga ko‘paygan bo‘lsa, tor ma’nodagi pul massasi 3,4 trln so‘mga qisqargan.

Xususan, noyabr oyida naqd pullar 2,4 trln so‘mga kamayib, muomalaga chiqarilgan naqd pullar qoldig‘i 1 dekabr holatiga 41,3 trln so‘mni tashkil etgan.

Yil boshiga nisbatan naqd pullar qoldig‘i 12,7 trln so‘mga ko‘paygan. Milliy valyutadagi boshqa depozitlar esa yil davomida 15,4 trln so‘mga oshgan.

Keng ma’nodagi pul massasi — naqd pullar, boshqa nomoliyaviy va moliyaviy tashkilotlardagi talab qilib olingungacha bo‘lgan milliy va chet el valyutasidagi jamg‘arma hamda depozitlarni o‘z ichiga oladi.

Tor ma’nodagi pul massasiga — muomaladagi naqd pullar va milliy valyutadagi talab qilib olingungacha bo‘lgan depozitlar kiradi.