14 dekabrga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan 00:00 da Qatarda bo‘lib o‘tayotgan JCH-2022`ning birinchi yarim finaliga — Argentina va Xorvatiya o‘rtasidagi bahsga start berildi. Ushbu jamaoalar so‘nggi bor 2018 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining guruh bosqichida uchrashishgan edi. O‘shanda xorvatiyaliklar Argentina terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etishgan edi. Argentinaliklar bu safargi to‘qnashuvda xuddi shu revansh olishga muvaffaq bo‘lishdi va finalga yo‘l olishdi.

Argentina — Xorvatiya 3:0

Argentina terma jamoasi chorak finalda Niderlandiya terma jamoasi bilan to‘qnash kelib, jamoalar asosiy vaqtda 2:2 hisobini qayd etishgan edi. Jamoalar qo‘shimcha taymlarda ham durangga rozi bo‘lishdi va penaltilar seriyasida 3:4 hisobida Argentina terma jamosining qo‘li balan kelgan edi. Xorvatiya terma jamoasi esa chorak finalda Braziliya bilan bahs olib borib, «pentakampeonlar»ni sensatsion tarzda mag‘lub etishgan edi. Jamoalar asosiy vaqtda 0:0 hisobini qayd etishdi va qo‘shimcha bo‘limlarda bittadan gol almashishdi. Navbat penaltilar seriyasiga kelganda xorvatiyaliklar braziliyaliklardan ustun kelib, yarim finalga yo‘l olishgandi.

Ushbu jamoalar o‘rtasidagi yarim final bahsi «Lusail» stadionida 88 966 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yinni italiyalik Daniyele Orsato boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqardi. Uchrashuvda to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik Xorvatiya tomonida bo‘ldi: 40% ga 60%. Berilgan zarbalar bo‘yicha hisob — 8:9, Xorvatiya bu borada oldinda. Ammo aniq zarbalar berish borasida Argentina terma jamoasi yaqqol ustunlik qildi — 7:2. Demak xorvatiyaliklar 7 ta noaniq zarba yo‘llashgan, argentinaliklar esa bitta.

Uchrashuvning 32-daqiqasida Xorvatiya darvozasi tomon penalti zarbasi belgilandi. Alvares Livakovich bilan birga-bir vaziyatga chiqdi va noaniq zarba yo‘lladi, biroq ushbu hujumda to‘qnashuv yuz berdi. Ushbu to‘qnashuvda hakam darvozabonni aybdor deb topdi va unga sariq kartochka ko‘rsatib, Argentina terma jamoasi foydasiga penalti belgiladi. Zarbani Lionel Messi qoyilmaqom tarzda amalga oshirdi — 1:0! O‘yinda hisob ochildi.

жч-2022, futbol, қаtaр

Foto: Reuters.

39-daqiqada Argentina terma jamoasi yana bitta gol urishdi. Maydon markazida to‘pni qabul qilib olgan Alvares darvoza tomon oshiqdi, u yerda himoyachi Sosa juda sust harakat qildi, Alvaresda zarba berish imkoniyati paydo bo‘ldi — gol! Hisob — 2:0.

жч-2022, futbol, қаtaр

Foto: Reuters.

Birinchi bo‘lim 2:0 hisobida yakunlandi. Xorvatiyaliklar juda bir qiyin ahvolga tushib qolishmoqda. Argentina bilan bahsda endi ular ikki golli farqni yo‘qqa chiqarishlari kerak. Argentina terma jamoasi ushbu taymning o‘zidayoq hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirishi mumkin edi, ammo Livakovich o‘z jamoasini mukarrar goldan saqlab qoldi.

Argentina terma jamoasining xavflik hujumlari ikkinchi bo‘limda ham davom etdi. Paredes, Messi, Alvares, Fernandes Xorvatiya darvozasi tomon bir qator reydlar amalga oshirishdi. 69-daqiqada Lionel Messi jarima maydonchasiga yorib kirdi, Yoshko Gvardiol unga qarshilik ko‘rsatishga harakat qildi, ammo undan to‘pni olib qo‘ya olmadi. Messi to‘pni Alvaresga oshirdi, u esa bitta zarba bilan Xorvatiya darvozasini yana bir bor ishg‘ol etdi. Hisob — 3:0.

жч-2022, futbol, қаtaр

Foto: Reuters.

Qolgan daqiqalarda Xorvatiya terma jamoasining hisobni qisqartirishga bo‘lgan urinishlari hisobning yanada yiriklashishiga olib kelishi mumkin edi. Xorvatiyaliklar o‘zlarida paydo bo‘lgan imkoniyatlardan foydalana olishmadi, argentinaliklar esa qarshi hujumlar uyushtirishdi.

жч-2022, futbol, қаtaр

Foto: Reuters.

Uchrashuv 3:0 hisobi bilan yakunlandi. O‘z hisobiga bitta gol va bitta assist yozdirib qo‘ygan Lionel Messi uchrashuvning eng zo‘r futbolchisiga aylanmoqda. Argentina terma jamoasi finalda. Ular endi hal qiluvchi o‘yinda Fransiya — Marokash juftligining g‘olibi bilan to‘qnash kelishadi.

Ma’lumot uchun, Argentina so‘nggi 8 yil davomida ikkinchi marta finalga yo‘l olmoqda. Ular o‘z tarixida oltinchi marta JCH finaliga chiqishmoqda. Jamoa futbol tarixidagi ilk jahon chempionatida, 1930 yilda Urugvayga finalda yengilgan. Keyinchalik yana ikkita finalda — JCH-1990 va JCH-2014 finallarida argentinaliklar Germaniyaga mag‘lub bo‘lishgan. 1978 va 1986 yilgi mundial bahslarida esa jahon chempioniga aylanishgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi jahon chempionatining final bahsi 18 dekabr kuni soat 20:00 da, Lusail stadionida bo‘lib o‘tadi.