Prezident Shavkat Mirziyoyev yana bir bor “Toshshahartransxizmat” faoliyatini tanqid qildi. U bunga 13 dekabr kuni 18-avtobus saroyini ko‘zdan kechirayotgan vaqtda to‘xtalib o‘tdi.

Poytaxtda kuniga 1,3 mln yo‘lovchi jamoat transportidan foydalanmoqda. Biroq, poytaxtda bu soha hozirgi o‘zgarishlardan orqada qolmoqda.

Davlat rahbari ko‘p sonli yo‘lovchilar uchun “Toshshahartransxizmat” tizimida avtobuslar yetishmayotganini tanqid ham qildi.

“Bu talabga javob berish uchun „Toshshahartransxizmat“ tizimida avtobuslar yetishmayapti. Borlarining ham ko‘pi eskirgan. Shu sababli yo‘nalishlarga rejaga nisbatan 90−100 ta avtobus kam chiqmoqda. Ko‘chalarda jamoat transporti ustuvorligi yo‘lga qo‘yilmagan. Bularning oqibatida yo‘lovchilar avtobuslarni 20−30 daqiqagacha kutishiga to‘g‘ri kelmoqda”, — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun xususiy korxonalar avtobuslari ham jalb etiladi. Ularga xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya beriladi. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari avtobuslar qatnoviga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Qatnovlar tezkorligi va xizmat sifatini ta’minlash, haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.

Bugungi kunda “Toshshahartransxizmat” tizimida 142 ta yo‘nalish bor. Yo‘lovchilar oqimining ko‘payish prognozidan kelib chiqib, jamoat transportining 167 ta yo‘nalishdan iborat yangi tarmog‘i shakllantirilgan. Bu yo‘nalishlarni ta’minlash va Toshkent shahrida jamoat transportiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish uchun yana 1000 ta katta sig‘imli avtobus zarur. Bu orkali avtobuslarning oraliq intervalini 7−10 daqiqagacha qisqartirish mumkin.