Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz»

Ilmiy ish qanday yozilishi yoki bo‘lishi kerak?

Uning natijasi-chi?
Tadqiqotchi kuzatuv, xulosa va ilmda topgan yangiligini yozayotgan ishida ifodalaydi. Bu dissertatsiya shaklida taqdim etiladi ko‘pincha. Har bir davlat, universitet, ilmiy doira yoki tadqiqot markazining o‘z talabi, qonun-qoidasi bor. Masalan, O‘zbekistonda «Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorda falsafa doktori, fan doktori ilmiy darajasini olish uchun yoziladigan dissertatsiyaga o‘ndan ortiq talab qo‘yilgan. Sinchiklab o‘qilsa, hammasi ayni muddao — puxta o‘ylangan, bari risoladagidek...

Lekin amalda-chi? Hamma ham talab-qoidaga rioya qilyaptimi? Yozilayotgan ilmiy ishlar qanchalik sifatli? O‘zbek ilm-fani uchun nechog‘lik yangilik bo‘lmoqda? Yildan yilga tadqiqotchi, izlanuvchilar soni oshyaptiyu, nega natijasi bilinmaydi? Nima uchun ayrim ishlar arxivlardagina turishga yarayapti? «Gazeta.uz» muammo nimadiligini mutaxassislardan so‘radi va ilmiy ish aslida qanday yozilishi (yoki bo‘lishi) haqidagi bir necha fikrlarni jamladi.
Iroda Azimova
Psixolingvist
Ilmiy ish qilishning natijasi nima bo‘lishi kerak? Bu ilmiy daraja haqidagi diplommi? 120 betli yozma matnmi? Jurnallarda chop qilingan maqolalarmi? Garchi bular ilmiy ishni HIMOYA qilishdagi shartlar va tasdiq bo‘lsa ham, ular ilmiy ish qilishning natijasi emas.

Men nomzodlik dissertatsiyam ustida jami 6 yil ishlaganman. Qaysidir o‘tkazgan tajribam, qaysidir chiqargan maqolam, bir necha o‘nlab o‘qigan kitoblarim dissertatsiyamdan o‘rin olmagan. Dissertatsiyamni yozish va tahrir jarayonida uning reja-mundarijasi bir necha marta o‘zgargan.
Ilmiy ish qilish jarayoni bu bir hodisani ilmiy jihatdan tushuntirish uchun u xususida uzoq (aynan, UZOQ) muddat o‘ylanish degani. «Ilm – igna bilan quduq qazishdir» degan o‘xshatish jarayonning mohiyatini juda yaxshi ochadi, chunki ilmiy ish qilish jarayonida izlanuvchi hamma ko‘rib turgan hodisaning hech kim ko‘rmagan, ko‘rolmaydigan tafsilotlarini aniqlaydi.
реклама
реклама
Xo‘sh, tafsilotlarni aniqlashning qanday foydasi bor? Biz shundagina hodisaga yaxlit holda to‘g‘ri baho bera olamiz, unga nisbatan to‘g‘ri yondasha olamiz. Masalan, o‘zimning dissertatsiyam menga darsda o‘qigan matnining mazmunini gapirib yo yozib bergan bola tushunishning qaysi darajasida turganini aniqlash va bu aslida natija emas, jarayon ekanini, bola matnni tushunishning yuqori darajasiga chiqishi, buning uchun unga men o‘qituvchi sifatida yordam bera olishim mumkinligini o‘rgatgan.

Ilmiy ishdan maqsad ILM bo‘lishi kerak. Haqiqiy ilmgina rostdan ham qadrli, odamzodga foydalidir.
Aziz Omonov
Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti doktoranti
Ilmiy ish biror yangilik (kichik bo‘lsa-da) avvalgi olimlarnikidan farqlanishi va muhokama, xulosa qismida qilingan yangi metodning ijtimoiy soha (masalan, qishloq xo‘jaligi, energetika va boshqalar)ga ahamiyati qandayligi yozilishi kerak. Yaponiyada talab shu. Yana qo‘shimchasiga Xalqaro jurnallarda (Q2 yoki Q1) maqola chiqsa, keyin ilmiy ish himoyasiga ruxsat beriladi.
Ochig‘i, ilmiy ish 100 varaq yoki undan ko‘p bo‘lishi shart emas. Ustozimning PhD ishi jami figura, jadval, mundarijalar bilan 39 varaq bo‘lgandi. O‘zbekistonda esa hajmga haddan tashqari ko‘p eʼtibor beriladi. Aslida esa sifat muhim.
Baxtiyor Sheraliyev
Farg‘ona davlat universiteti Zoologiya va umumiy biologiya kafedrasi mudiri, PhD
Ilmiy tadqiqot boshlagan har bir tadqiqotchi eng avvalo ikki ishni bajarib olishi shart. Birinchisi – o‘zi tanlagan mavzu yoki soha bo‘yicha undan avval ayni shu yo‘nalishda qilingan barcha ishlar bilan tanishib chiqish; ikkinchisi – ishning asosiy o‘q skeleti bo‘lgan tadqiqot gipotezalarini shakllantirib olish.

Ko‘p tadqiqotchilarni ko‘raman, o‘zidan avvalgi qilingan ishlar bilan to‘liq tanishmasdan «men falon-falon qildim» deydi, vaholanki, u aytayotgan narsani undan ancha avval qilib bo‘lishgan yoki yana bir toifa tadqiqotchilar bor, «ishingizning asosiy gipotezalari nimadan iborat?» deb so‘rasangiz undan nima so‘ralayotganini hatto tushunmaydi. Empirik tadqiqotga asoslangan har qanday ilmiy maqola yoki dissertatsiyaning boshlanish qismida mavzuning o‘rganilish tarixi tizimli ravishda, shu bilan birga, tanqidiy yondashuv asosida ochib beriladi. Ishni o‘qigan odam ishning mana shu qismi asosida tadqiqotning ahamiyati va dolzarbligini tushunadi. Agar siz maqolaning kirish yoki dissertatsiyaning adabiyotlar tahlili qismini o‘qisangizu, bu maqola/dissertatsiya o‘zi nega yozilmoqda degan savolga javob topmagan bo‘lsangiz, demak tadqiqotchi avval boshdan to‘g‘ri yo‘lda emas, deb xulosa qilishingiz mumkin.
Shaxsan o‘zim har bir ilmiy maqolam yoki shogirdlarimga beradigan mavzuim avvalida quyidagi uch savolga javob izlayman:

1. Ushbu maqola fandagi kichik bo‘lsa-da biror bo‘shliqni to‘ldiradimi?

2. Men yozayotgan ilmiy ishda mendan avvalgi tadqiqotchilar yozmagan biror ilmiy yangilik mavjudmi?

3. Ushbu ilmiy ishni ertaga kimdir o‘qiydimi?

Agar ushbu savollarga «ha» degan javob ololsamgina o‘sha ishni boshlayman, aksincha bo‘lsa vaqtimni behuda ketkizib o‘tirmayman.
Ilmiy ish yozishdagi yana bir muhim jihat haqida to‘xtalmasam bo‘lmaydi. Bu ilmdagi soxtakorlik va ko‘chirmakashlikdir. Ilmiy faktlarni o‘z manfaati yo‘lida soxtalashtirish yoki manipulyatsiya qilish, ko‘chirmakashlikka yo‘l qo‘yish ilmiy tadqiqotchi qilishi mumkin bo‘lgan eng jirkanch ishdir va buning badalini hech narsa bilan to‘lab, o‘nglab bo‘lmaydi. Ming afsuski, bugungi juda ko‘plab «ilmiy ish»larda yuzsizlarcha falsifikatsiyaga, plagiatga yo‘l qo‘yilmoqda. Bundan na dissertantlar va na ularning rahbarlari tashvishlanmoqda.
реклама
реклама
Dilsora Mirzaahmedova
Xitoydagi Markaziy Millatlar universiteti dotsenti
Avvalo, ilmiy ish nima maqsadda qilinayotganini aniqlab olish kerak. Keyin shunga qarab buni ikkiga bo‘lish mumkin: ilmiy maqola va dissertatsiya. Dissertatsiyalar – ilmiy daraja olish maqsadida yoziladi, himoya qilinadi. Qaysi sohada dissertatsiya yoqlayotgan bo‘lsangiz, u yangilik olib kelsin. O‘zingizdan avvalgi mualliflarning gapini qator-qator keltirib, «u undoq degan, bunisi bundoq» deyish noto‘g‘ri va ilm qilaman degan tadqiqotchiga yarashmaydi ham. Aksincha, o‘sha fikrlardan mustaqil xulosa chiqarib, butunlay boshqa, ilgari ahamiyat berilmagan jihatga diqqat qaratish, yangilikni o‘rtaga qo‘yish muhim. Negadir bizda shu tomonlariga urg‘u berilmaydi-da, qandaydir tartiblarga, qolipu andozalarga yopishib olinadi.
O‘zbekistonga borganimda ilmiy ishlardagi sayozlik, tilga olishga arziydigan yangilik yo‘qligini ko‘rib, g‘alati bo‘laman. Masalan, Xitoyda mening sohamda 30 yil oldin qilingan ishlar bizda endi-endi yozilyapti. Haliyam orqadamiz.
Ilmiy ishlarga talab har joyda turlicha. Har bir davlatning o‘z qoidasi bor. O‘zbekistonda esa negadir «obzor» qismiga zo‘r beriladi. Asosiy qism – ish nima uchun qilinayotgani eʼtibordan chetda qolaveradi.

Bir safar Toshkentga borganimda PhD ishini ko‘rsatishdi. Rosti, Xitoyda magistratura bosqichida bundan-da sifatli, hajmi ham durust ishlar yoziladi. To‘g‘ri, bu yerdayam ko‘chiradiganlar, undan-bundan yulib, yumaloq yostiq qiladiganlar topiladi. Lekin bu universitetlarning o‘ziga bog‘liq. Universitet reytingi, ilmiy rahbar obro‘si tadqiqotchining qay darajada ishini uddalaganiga bog‘liq. Talaba — ilmiy rahbarning yuzi. Mabodo, uning ishi plagiatda isbotlansa, rahbarning ham obro‘si tushadi. Xitoyda magistraturaning 2 xili bor: amaliyotchi va ilmni davom ettiruvchi. Birinchisi ko‘proq amaliyot bilan band bo‘lsa, keyingisi doktoranturaga bosqichma bosqich tayyorlanib boriladi.
O‘zbekistonda PhD (Doctor of Philosophy) va ScD (Doctor of Science) alohida-alohida ajratib qo‘yilganiga negadir tushunmayman. Bu, menimcha, yuqori lavozimda ishlaydiganlar ilmiy darajasini saqlab qolish maqsadida qilindi-yov. Hammayam yetolmasin degan niyat yotibdi, shekilli. Rivojlangan davlatlarda esa buning tamoman aksi: PhD fan doktori darajasiga teng.
Haddan tashqari ko‘p majlisbozlik ham ilm qilayotgan aksar yosh tadqiqotchini charchatadi, ish sifatiga taʼsir qiladi. Xitoyda bunday yig‘inlar 3 bosqichda bo‘ladi. Birinchisida mavzuni ochib berish kerak, ikkinchisi – himoya oldi himoya deyiladi. Bundan va plagiatlardan o‘tolsa, anonim baho qo‘yishga yuboriladi. Ism-familiya, kim ekaningiz – hammasi o‘chirilib, maxfiy tutiladi. Agar A, A, D baho qo‘yilsa, ish o‘tmaydi. Oxirgi bosqich – himoya. Bu shunchaki rasmiyatchilik emas. Juda jiddiy jarayonlardan o‘tiladi. Masalan, o‘zim bir marta shu bosqichdan o‘tolmaganman. Hammasiga o‘zim aybdorman. Xatolarimni to‘g‘rilashga 1 yil vaqt berishgan.

Eng asosiysi, ilmiy ish – bu har qanday sohaga yangi nafas, fakt, dalil, havo olib kirishi, aytilayotgan fikr isboti bilan bo‘lishi shart.
Shokirjon Tursunov
O‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2-kurs magistranti
Ilmiy ish shunday bo‘lishi kerakki, unda aniq bir muammoga yoki muammoning bir qismiga yechim topilishi lozim. Muammo deganda odam matnni o‘qiyotganda uning miyasida qanday jarayonlar kechadi, miya qanday “yumushlar”ni bajargach odam o‘qigan, eshitgan narsasini tushunadi kabi holatlarni aniqlashni ham nazarda tutmoqdaman. Helsinki deklaratsiyasida shunday jumlalarni uchratgan edim, «tibbiyot sohasidagi ilmiy tadqiqot biror kasallikning paydo bo‘lish sabablari, rivojlanish imkoniyatlari hamda oqibatlarini tushunishga qaratilgan bo‘lmog‘i lozim. Maʼlumotlarning barchasi o‘sha kasallikdan saqlanish va davolash ishlariga ko‘mak berishi shart». Demak har bir ilmiy ish oxirida insoniyat uchun qandaydir foyda bo‘lishi lozim.
Ilmiy ish – masʼuliyat. Unda aytilgan har bir hukmning qandaydir asosi bo‘lishi lozim. Hattoki Alisher Navoiy buyuk ijodkor desangiz ham buni asoslab berishingiz kerak. Ilmiy ish aynan shu jihati bilan boshqa ishlardan, matnlardan ajralib turadi. Hozir ilmiy maqola yoki dissertatsiyani balandparvoz jumlalar bilan boyitish tendensiyasini shaxsan kuzatyapman, lekin buni ilmiylikka zarar yetkazuvchi omil deb bilaman.
Ilm bilan shug‘ullanish ham xuddi ijod qilishga o‘xshaydi. O‘ylashimcha, shoirlar tug‘ma isteʼdod sohiblari bo‘lgani kabi, ilm bilan shug‘ullanuvchilarda ham qandaydir tug‘ma qobiliyat bo‘lmog‘i lozim. Masalan, muammo ko‘ra olish, his qilish, yechim izlashda sobitlik.

Bundan tashqari ilm shunday narsaki, u sendan juda ham ko‘p eʼtibor va diqqatni talab qiladi. Agar unga keraklicha eʼtibor qarata olmasang, boshlagan ishing yo chala tug‘iladi, yo o‘lik.
реклама
реклама
Shaxsan o‘zimda ham bu holat kuzatilgan. Ilmiy rahbarimga maqola yozib olib kirganimda bu ilmiy maqola bo‘lmabdi deganlarida hayron qolgan edim. Keyinroq o‘sha xatolarimni anglaganman va hozir bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yishdan qochaman. Hatto BMI (bitiruv malakaviy ishi)mni ham magistrlik dissertatsiyasi sifatida «qayta ishlab chiqish»ga qaror qilganman. Bilaman, o‘sha vaqtlarda ilmga “xiyonat” qilgan edim. Yetarlicha eʼtibor bermagandim.

Kuni kecha talabalar konferensiyasida shoʻba moderatori sifatida ishladim. 1 – 2-kurs talabalarining ilmga qiziqishlaridan quvongan bo‘lsam-da, ularning yozib kelgan ishlarini o‘qib/tinglab anchayin qiynaldim. Kimdir obyekt tanlashni bilmagan bo‘lsa, kimdir ko‘tarmoqchi bo‘lgan muammosini o‘zi tushunmaydi. Menimcha, sen o‘zing gapirmoqchi bo‘lgan muammoni yaxshilab anglab olishing zarur.

Masalan, bir talaba til o‘qitishdagi muammolarni yechishga qaratilgan samarali usullar haqida yozmoqchi bo‘lgan, ammo o‘zidan ancha avval ommaga olib chiqib bo‘lingan ishni yangilik sifatida ko‘tarib chiqmoqda. Bu yerda ikki narsa muhim – muallif o‘zi ko‘tarayotgan muammoni yaxshi o‘rganmagani yetmagandek, o‘zi taklif qilayotgan usulning nima uchun samarali ekanini asoslashga urinmagan ham. Shunday taklif berdim. Hozir amalda bo‘lgan biror metod yoki texnologiyani olasiz, u haqida biroz tushuntirish bergach uning kamchiliklarini sanaysiz va nega ularni kamchilik deb hisoblashingizga asos keltirasiz. Shundan so‘ng o‘zingizning metod va texnologiyalaringizni taklif qilasiz. Har birining nimasi bilan kuchli ekanini asoslab berasiz, tajribalar o‘tkazib natijalarini kiritasiz. Ilmiy ish mana shunday yozilmog‘i lozim, o‘ylashimcha.
Materialni Charos Nizomiddinova tayyorladi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz».

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Siz biror qiziqarli voqeani bilasiz va uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqchimiz? Unday bo‘lsa, hikoyalaringizni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting