Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov BHMning 70 baravari yoki 21 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Bunday qaror seshanba kuni O‘zbekiston viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan qabul qilindi, deya xabar berdi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

Sud blogerni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) 1-qismi va 202−2-moddasi 2-qismida (jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik harakatlari bo‘yicha aybdor deb topdi.

Unga mazkur kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash) tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari (21 mln so‘m) miqdorida jarima solindi.

Dekabr oyi boshida Olimjon Haydarov Farg‘ona viloyatidagi Albus gips zavodi xodimlari tuman tashkilotlarida gaz uzilishi tufayli 10 ming aholi ishsiz qolganini da’vo qilgan videoni e’lon qilgan edi.

Farg‘ona viloyat IIB matbuot xizmati ish bo‘yicha ayrim tafsilotlarni e’lon qildi. Xabarda bloger «go‘yoki boshqa zavodlarda gaz taqchilligi yo‘qligi, bu masalaga mansabdor shaxslarning aloqadorligi va o‘ng minglab ishchilar ishsiz qolayotganligi vaj qilib, haqiqatga mos bo‘lmagan izohlar bilan tarqatgan».

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 11 dekabr kuni fuqarolar A. T., D. N., U. T. va O. S. ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 4−6 dekabr kunlari ular ishlab kelayotgan zavod hududiga o‘zini bloger-jurnalist Olimjon Xaydarov deb tanishtirgan fuqaro kelib, zavod gaz tarmog‘idan uzilganligi sababli, tez orada yopilib faoliyati to‘xtatilishi, oqibatda ishchilar ishsiz va maoshsiz qolishini aytgan.

Bloger ularga zavodda to‘planib, norozilik namoyishini uyushtirib, bu haqda video murojaat qilishlarini, shundagina zavod qaytib gaz tarmog‘iga ulanishi mumkinligini va bu borada u yordam bera olishini bildirgan.

«Bundan tashqari, ish materiallaridan ma’lum bo‘ldiki, O. Haydarov namoyishni qay tarzda videoga olishni o‘rgatganligini, ayrim ishtirokchilar tomonidan yetarli darajada yaxshi gapira olmaganligi, shuning uchun boshqalar gapirishi kerakligini aytib, namoyish qilganlarni agressiv gapirishga undagan, qayta dubllar orqali ushbu namoyishni oldindan rejalashtirishda ishtirok etgan. Joriy yilning 6 dekabr kuni esa bevosita o‘zi ishtirok etmasada, namoyishni tasvirga olish bo‘yicha mutaxassis bilan gaplashib, uning ishlarini tashkillashtirgan hamda tayyor videomateriallarni o‘zining kanali orqali tarqatgan», — deyiladi xabarda.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, arizachilar ularni qonun buzishga chorlagan o‘zini Olimjon Xaydarov deb tanishtirgan shaxsga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rishni so‘rashgan. IIB mazkur holat to‘liq o‘rganilgani, «fuqarolarning arizasida keltirilgan vajlar va O. Haydarovning harakatlari o‘z tasdig‘ini topgan»ini qayd etdi.

Boshqarma O. Haydarovning boshqa zavodlarda gaz o‘chirilmagani, bu masalaga mansabdor shaxslarning aloqasi borligi vaj keltirib, yolg‘on axborot tarqatganini ma’lum qildi. Jumladan, Knauf korxonasining tabiiy gazi uzilmagani, buning sababi sifatida u rahnamolikka olinganini misol qilib keltirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudi 7 dekabr kuni huquqbuzarlarning 1 nafariga 10 sutka, 6 nafariga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Qayd etish joizki, MJtKda «yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzganlik» uchun javobgarlik bo‘lishiga qaramasdan, qonunchilikda mazkur tartib bayon qilinmagan. Buni o‘tgan yili sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham tan olgandi.

MJtKga 202−2-modda esa 2020 yilning dekabrida kiritilgan. O‘shanda Jinoyat kodeksiga ham «Yolg‘on axborot tarqatish» moddasi kiritilgandi.