16 noyabrdan boshlab tungi vaqtlarda ko‘chani yoritish cheklangani, uning ortidan kunlik iste’mol sarfi 25 foizga kamaygani haqida xabar qilingandi. «Toshshaharnur» cheklov tugatilishini ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimligining topshirig‘iga asosan, 2022 yil 13 dekabr soat 17:00 dan Toshkent shahrining markaziy, tuman ahamiyatidagi va mahallalar, mavzelar hamda dahalarining ichki ko‘chalarda elektr energiyasini tejash maqsadida joriy qilingan cheklovlar olinadi.

Toshkent shahridagi mavjud ko‘cha chiroqlari, illyuminatsiya chiroqlari 100 foiz yoqiladi.

Mazkur loyihadan oldin ko‘chalarni yoritishda 116,8 ming energiya ko‘p talab qiladigan yoritish moslamalari ishlatilgan va elektr energiyasi iste’moli yiliga o‘rtacha 62 mln 240 ming kVt soatni tashkil etgan. Bugungi kunda yoritgichlar umumiy soni 140 mingtaga yaqinlashib qolgan bo‘lsada, elektr energiyasining o‘rtacha yillik iste’moli 40 mln 7 ming kVt soatni tashkil qilyapti.

2022 yilning 9 oyi davomida 29 mln 510 ming kVt soat (13 mlrd 279,8 mln so‘mlik) elektr toki, shu jumladan, illyuminatsiyali chiroqlar 183,7 ming kVt soat yoki 82,7 mln so‘m (umumiy ist’emolning 0,63 foizi) iste’mol qilindi.

Bu ko‘rsatkich bir oyda o‘rtacha — 3 mln 278,9 ming kVt soat yoki 1 mlrd 475,5 mln so‘mni tashkil qildi. Illyuminatsiya chiroqlari mos ravishda 20,4 ming kVt soat yoki 9,2 mln so‘mga yetdi.

Bir kunlik o‘rtacha sarf — 109,29 ming kVt soat yoki 49,2 mln so‘mni, jumladan, illyuminatsiya chiroqlari 0,68 kVt soat yoki 306 ming so‘mni tashkil etyapti.