AQSh O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishganini olqishlaydi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 12 dekabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan muzokaralar boshlanishidan oldin aytib o‘tdi (video).

«Menimcha, bu mintaqadagi va undan tashqaridagi ko‘pchilikka bunday masalalarni hal qilishda diplomatiya imkoniyatlarining ahamiyati to‘g‘risida kuchli signal yuboradi», — dedi Davlat departamenti rahbari.

Vladimir Norov mamlakat delegatsiyasi boshchiligida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun AQShga keldi.

«Joriy yilda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik sherikligimizning 20 yilligi nishonlanmoqda», — dedi O‘zbekiston TIV rahbari.

«O‘tgan yillar davomida hamkorligimiz „C5+1“ formati (Markaziy Osiyoning beshta davlati va AQSh — tahr.) doirasidagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida sezilarli o‘sdi», — dedi u va O‘zbekiston bunda doimiy qo‘llab-quvvatlashni yuksak qadrlashini qo‘shimcha qildi.

Muzokaralarda tomonlar savdo va investitsiya, fan-texnika, ta’lim va inson taraqqiyoti sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishning umumiy ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish niyatida, deya qo‘shimcha qildi Vladimir Norov. Shuningdek, xavfsizlik masalalari va Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilinadi.

Entoni Blinken Qo‘shma Shtatlar «O‘zbekiston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi» tarafdori ekanini ta’kidladi.

Qolaversa, u Qo‘shma Shtatlar «islohotlar, jumladan, diniy erkinlik, majburiy mehnat bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni» yuksak qadrlashini ta’kidladi.

Noyabr oyi oxirida O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo‘yicha bitimni va Andijon (Kampir-Obod) suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni imzolagandi.