Hukumatning 5 dekabrdagi qarori [694-son] bilan Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega bo‘lgan xodimlariga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Nizom bilan davlat davolash-profilaktika muassasalarida tibbiyot sohasida ilmni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan ilmiy darajaga ega tibbiyot xodimlariga har oylik qo‘shimcha haq to‘lash tartibi belgilandi.

Shunga ko‘ra, muassasalarning fan doktori (Doctor of Science), fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xodimlariga asosiy ish joyi bo‘yicha har oylik qo‘shimcha haq belgilanadi. Xodimga qo‘shimcha haq uning joriy yil (kalendar yil) mobaynidagi faoliyati natijalari tahliliga asosan kelgusi yil uchun belgilanadi.

Qo‘shimcha haq miqdori xodimning egallab turgan lavozimiga mutanosib ravishda, biroq bir stavkadan ortiq bo‘lmagan miqdorda har oyda hisoblanadigan lavozim maoshiga nisbatan belgilanadi.

Xodim bir nechta muassasada qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, u asosiy ish joyi bo‘yicha qo‘shimcha haq olish huquqiga ega bo‘ladi.

Qo‘shimcha haq miqdori bir oyda — fan nomzodi yoki falsafa doktori ilmiy darajasiga ega xodimlar uchun lavozim maoshining 30 foizidan hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega xodimlar uchun lavozim maoshining 60 foizidan oshmasligi kerak.

Mazkur nizom talablari Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlarining qo‘shimcha haq oladigan tibbiyot xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.