Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 13 yoshli bola is gazidan zaharlanib vafot etdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

11 dekabr kuni soat 10:20 larda shaharning Paxtazor mahallasida yashovchi voyaga yetmagan 2009 yilda tug‘ilgan I.I. yashash xonadonida gaz plitasidan chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etdi. Voyaga yetmagan 2013 yilda tug‘ilgan O.I. va 2011 yilda tug‘ilgan B. I. zaharlanish alomatlari bilan tuman shifoxonasiga yotqizildi.

Tarmoqlarda bola oilaning katta farzandi bo‘lgani, boshqalari esa ularning ukalari bo‘lgani, hozirda ular komada ekanligi aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda bir oilaning uch nafar a’zosi, Xorazmda fuqaro va uning nevarasi, Buxoro viloyatida 5 kishilik oila, Toshkent viloyatida er-xotin va ularning 3 oylik chaqalog‘i, Namanganda qaynona, kelin va nabira, Farg‘onada er-xotin, Qashqadaryoda 17 yoshli qiz, Xorazmda ijarada turgan ikki yigit, Jizzaxda qariya ayol va uning ikki nabirasi hamda Buxoroda 2-sinf o‘quvchisi is gazidan halok bo‘lgandi.