Toshkentda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, yozuvchi Aleksandr Soljenitsinning «Saraton bo‘limi» nomli romani voqelari sodir bo‘lgan bino buzib tashlandi. G‘ishtdan qurilgan ikki qavatli inshoot eski ToshMI (hozirgi Toshkent davlat stomatologiya instituti — tahr.) hududida, Kichik halqa yo‘li chetida joylashgan edi. Unda so‘nggi vaqtlargacha bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi joylashgan edi.

Foto: Vlad Zamanov. Fevral, 2021 yil

Bino vayronalarida «Gazeta.uz» muxbirlari uchratgan texnik nazorat xodimining ismi sir qolish sharti bilan aytishicha, sobiq saraton bo‘limi binosi uch oy oldin buzib tashlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, binoning buzilishiga sobiq ToshMI hududida Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binosi qurilishi sabab bo‘lgan.

«Yangi markazda 580 o‘rin bor, lekin avtoturargoh yo‘q. Xodimlarga taxminan 100 yoki 150 ta to‘xtash joyi kerak bo‘ladi. Mehmonlar mashinalarini qayerga qo‘yishadi? Shuning uchun bu yerda avtoturargoh bo‘ladi. Hatto elektromobillarni ham quvvatlash mumkin», — dedi u.

Binoning bir chetida o‘sgan chinorgina saraton bo‘limini eslatib turibdi.Binoning bir chetida o‘sgan chinorgina saraton bo‘limini eslatib turibdi.

Uning qayd etishicha, bino poydevorsiz va avariya holatida bo‘lgan.

«Avvaliga bu madaniy meros hisoblanishini aytishdi, biroq tekshirilgandan keyin bu fakt tasdiqlanmadi. Biz bino madaniy meros emasligi haqida xat oldik», — deydi xodim.

Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastri ma’lumotlariga ko‘ra, eski ToshMI hududida XIX asrga oid beshta me’moriy yodgorlik mavjud. Ular sobiq kadetlar korpusi bosmaxonasi binosi, bolalar va kattalar yuqumli kasalliklar shifoxonalari binolari, yuqumli kasalliklar dispanserining izolyatori binosi hamda eski ToshMIning 29-son davolash bo‘limi binosidan iborat

aлексaнд сoлженицин, saraton bo‘limi

«1901 yilda qurilgan bolalar jag‘ xirurgiyasi binosi moddiy madaniy meros obyektlari kadastrida qayd etilmagan. Mazkur bino o‘rnida avtoturargoh qurish rejalashtirilgan», — deya ma’lumotni tasdiqladi Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi.

«Rakovыy korpus» nomi bilan mashhur bo‘lgan sobiq saraton bo‘limini buzish tashabbusi Sog‘liqni saqlash vazirligidan chiqqan.

aлексaнд сoлженицин, saraton bo‘limi

Vazir Behzod Musayev imzolagan 20 sentabrdagi 255-sonli buyruq skrinshotini bloger Fotima Jurayeva 8 dekabr kuni Facebook-sahifasida e’lon qildi. Hujjatda O‘zbekiston prezidentining «Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga tayanib, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi avtoturargohini qurish uchun binoni buzish masalasi ko‘tarilgan. «Tibbiyot qurilish injiniring» DUKga avtoturargoh qurilishi madaniy meros obyektlari muhofaza hududida olib borilishini inobatga olib, ushbu qurilish loyiha hujjatlarini Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi muhokamasiga taqdim etish vazifasi yuklatilgan.

«Bino madaniy meros obyektlari muhofaza hududida joylashgani bois loyihani Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi yig‘ilishida muhokama qilish taklif etildi. Qo‘shimcha tadqiqotlar natijasida bino madaniy meros obyektlaridan 50 metrdan ortiq masofada joylashgani aniqlandi. Bu tarixiy muhitni shahar muhofazasi nuqtai nazaridan Shaharsozlik normalari va qoidalariga mos keladi. 333-bandga muvofiq, madaniy meros obyektlaridan transport va muhandislik kommunikatsiyalarigacha bo‘lgan masofalar tekis rel’eflarda 50 metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Uning o‘rniga boshqa bino qurilmasligi inobatga olinib, avtoturargoh qurish loyihasi tasdiqlandi», — deya tushuntirdi poytaxt Madaniy meros boshqarmasi.

Boshqarmadan qayd etilishicha, Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan bolalar-jag‘ xirurgiyasi binosining Moddiy madaniy meros obyektlari Davlat kadastriga kiritilishi maqsadga muvofiq emas deb hisoblagan.

Toshkentdagi X-Places shahar tadqiqotchilari jamiyatidan o‘lkashunos olim Rustam Xusanov esa boshqacha fikrda. Uning fikricha, Toshkentdagi saraton bo‘limi binosi «shunchaki tozalanishi va porlatilishi kerak bo‘lgan olmos edi».

«Tasavvur qiling-a, siz Kolizeyga egasiz. Keyin uni keraksiz narsalar kabi buzib tashlab, o‘rniga avtoturargoh qurasiz. Shu narsa O‘zbekistonda yodgorliklarga qanday munosabatda bo‘linishini juda to‘g‘ri ta’riflaydi», — dedi Rustam Xusanov.

aлексaнд сoлженицин, saraton bo‘limi

Orqa fonda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binosi joylashgan.

Mashhur saraton bo‘limi X-Places`ning inqilobdan oldingi Toshkent bo‘ylab sayohatidagi nuqtalardan biri bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, Xusanov shu yilning may oyida binoga so‘nggi turistlar guruhini boshlab kelgan va ayvonda Soljenitsin romanidan parchalar o‘qib bergan.

«Ichkariga kirdim, shifokorlar bilan suhbatlashdim. Hamshiralar bir guruh sayyohlarga qarab: „Soljenitsin?“ — deya jilmayishgandi. Tushunaman, bino eskirgan, ammo u tarixiy ahamiyatga ega hamda adabiy, ilmiy va turistik ziyoratgohga aylanishi mumkin edi. Ammo uning o‘rniga endi avtoturargoh bo‘ladi», — dedi o‘lkashunos.

Toshkentlik tarixshunos Boris Golenderning fikricha, sobiq saraton bo‘limi binosi XIX asr oxirida qurilgan kadetlar korpusining bir qismi emas, balki yordamchi bino bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buzib tashlangan bino alohida me’moriy ahamiyatga ega bo‘lmagan, ammo esda qolarli bo‘lishi mumkin edi.

«Bu aynan o‘sha saraton korpusi ekanligiga ishonchim komil emas. To‘g‘ri, odamlar urush yillarida va undan keyin onkologiya bo‘limi aynan o‘sha joyda, Kichik halqa yo‘li bo‘ylab joylashganligini aytishardi», — dedi Boris Golender.

Kadetlar korpusining asosiy binosi.

«Toshkent haqida maktublar» («Pisma o Tashkente») sayti muharriri Yevgeniy Sklyarevskiy Aleksandr Soljenitsin saraton kasalligidan aynan qayerda davolangani munozarali deb hisoblaydi: eski ToshMIdami, Glinkadagi sobiq onkologiya shifoxonasidami yoki foyesida Nobel mukofoti sovrindori haqidagi lavha bo‘lganTaxtapuldagi Toshkent viloyat onkologiyasidami?

«Ammo shahar afsonasi sifatida u toshkentliklar uchun qimmatli edi. Shaxsan men uchun saraton binosining buzilishi — yo‘qotish. Toshkentda ko‘plab eski binolar bor va ularning har birini saqlab qolish kerak. Hozirda shahar tarixiga qiziqish kuchaymoqda. Binoni ekskursiyalar va jamoat joylariga kiritish yoki yashashi uchun tibbiy muassasa sifatida qoldirish mumkin edi. Qolaversa, bino jahon miqyosidagi shaxs nomi bilan bog‘langan va uning hikoyasida tilga olinadi», — dedi Yevgeniy Sklyarevskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tarixiy binoning buzilishi Madaniy meros agentligining himoyaga muhtoj obyektni «belgilash»ga rasman qanday yondashishidan dalolat beradi.

«Umuman olganda, barcha mamlakatlarda davlat yodgorliklarni muhofaza qilishga birlamchi masala sifatida qaramaydi — yanada muhimroq vazifalar mavjud. Bu yerda jamoatchilik: entuziastlar, blogerlarning roli muhim. Yolg‘izlar ko‘p narsaga erisha olmaydi. Bunday to‘satdan buzishlar, devorlar ortidagi daraxtlarning kesilishi yoki ko‘l o‘rniga teatlarlar qurilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun volontyorlar faoliyati muvofiqlashtirilishi zarur», — deya o‘z firkrlari bilan o‘rtoqlashdi Yevgeniy Sklyarevskiy.

Uning fikricha, saraton binosi buzib tashlanganidan so‘ng «Gazeta.uz» batafsil reportaj e’lon qilgan «UzBum» yaqinidagi eski binolarni muhofaza qilish masalasi yanada keskinlashmoqda.

Aleksandr Soljenitsin povest sifatida belgilagan «Saraton bo‘limi» asari g‘oyasi 1954 yilda Toshkentda dunyoga kelgan. Surgundagi yozuvchi tibbiyot shaharchasida joylashgan «o‘n uchinchi» saraton binosida davolanayotgan edi. O‘sha paytda bu klinika respublikada saraton kasalligiga chalingan bemorlar yuboriladigan yagona muassasa bo‘lgan. O‘sha davr xotiralari, shifokorlar va bosh qahramon bilan bir palatada bo‘lgan bemorlar romanga asos bo‘ldi. Yozuvchi to‘rt yil: 1963 yildan 1967 yilgacha asar ustida ishladi.

«Saraton bo‘limi»dagi ko‘plab qahramonlar real prototiplarga ega. Shifokorlardan Lyudmila Dontsova obrazi nur bo‘limi mudirasi Lidiya Aleksandrovna Dunayeva, Vera Gangart esa davolovchi shifokor Irina Yemelyanovna Meyke obrazidan olingan. Ular bo‘lg‘usi Nobel mukofoti sovrindorining hayotini saqlab qolishadi. Hodisalar bo‘lib o‘tgan Toshkentdagi jigarrang-sariq tusdagi g‘ishtlardan bunyod bo‘lgan «adabiyot yodgorligi» vayronlari esa bugun qor ostida qolgan.