Hafta davomida O‘zbekistonda havo harorati iliydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

Dushanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarining ba’zi joylarida biroz qor yog‘ishi mumkin. Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining ayrim hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Kunduzi havo 0…+3 darajagacha isiydi, faqat ba’zi joylarda manfiy harorat saqlanib turadi.

Seshanba kunidan boshlab antitsiklon ta’siri asta-sekin kamayadi. Sovuq havo massasi nisbatan iliq havo bilan o‘rin almashadi. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va ish haftasining oxiriga kelib kechalari sovuq 0 darajagacha kuchsizlashadi.

Kunduz kunlari esa havo +7…+10 darajagacha, ba’zi joylarda +14 darajagacha isiydi, bu haroratning o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlariga yaqin. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi kutilmoqda.

12−14 dekabrda respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.