Surxondaryo viloyati Termiz tumanida ikki fuqaro Uchqizil kanalidan noqonuniy baliq ovladi, deya xabar bermoqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati.

Termiz tumanidagi Nurafshon mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Uchqizil kanalidan Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqarolar T. T. hamda A. O. taqiqlangan usullar va ov qurollari (elektr qarmoq) bilan baliq ovlayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Ulardan shu yerning o‘zida bir dona rezina qayiq, bir dona akkumulyator, qo‘lbola elektr qarmoq va ovlangan baliqlar dalil sifatida olib qo‘yildi.

Ayni paytda «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 35- va 53-moddalari talabini buzgan shaxslarga amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun 45 million 180 ming so‘m jarima chorasi qo‘llanildi.

Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudida ko‘rib chiqiladi.