Xalqaro reytinglarga kirgan OTMni tugatgan yosh kadrlarga 12 mln so‘mgacha, ilmiy daraja olganlarga esa 22,5 mln so‘mgacha ustama beriladi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lumot berdi.

O‘zbekiston prezidentining «Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga ko‘ra, davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etilgan.

Qayd etilgan qo‘shimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida har oy to‘lab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi va to‘lovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantirilgan oylik ustamalar tatbiq etiladigan ta’lim yo‘nalishlari, tor mutaxassisliklar ro‘yxati, davlat organlari, tashkilot va muassasalari ro‘yxati Agentlikning rasmiy veb-sayti — www.argos.uz da joylashtirilgan.

Ma’lumot uchun, xalqaro e’tirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar — Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World University hisoblanadi.

Xalqaro e’tirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar reytinglarida e’lon qilingan universitetlar ro‘yxati bilan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-sayti — www.tdi.uz da tanishish mumkin.

Xalqaro reytingda 1-dan 100-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida (9 mln so‘m), magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 40 barobari miqdorida (12 mln so‘m), xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 75 barobari miqdorida (22,5 mln so‘m) ustamalar belgilangan.

Xalqaro reytingda 101 dan 300-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida (6 mln so‘m), magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida (9 mln so‘m), xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 60 barobari miqdorida (18 mln so‘m) ustamalar belgilangan.

Shuningdek, xalqaro reytingda 301 dan 500-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 15 barobari miqdorida (4,5 mln so‘m), magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida (6 mln so‘m), xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 50 barobari miqdorida (15 mln so‘m) ustamalar belgilangan.

Farmonda qo‘shimcha ustamalar 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini 2021 yil va kelgusi yillarda tamomlagan yosh mutaxassisga, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonuniga asosan, yosh mutaxassis — oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini bitirgan, ta’lim muassasasini bitirganidan so‘ng olgan ixtisosligi bo‘yicha uch yil ichida ishga kirgan va ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan ixtisosligi bo‘yicha ishlayotganiga uch yildan ko‘p bo‘lmagan o‘ttiz yoshdan oshmagan xodimga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda agentlik tomonidan 66 nafar yosh mutaxassislar bilan ustamalar to‘lash yuzasidan shartnomalar tuzilgan.