13 dekabr kuni kechasi «O‘zbekneftgaz»ga qarashli UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi 1100 so‘mga arzonlashadi. Bu haqda «Gazeta.uz» manbasi xabar berdi. Buni Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham tasdiqladi.

Xususan, soat 00:00 dan keyin benzin narxi 6800 so‘mdan 5700 so‘mgacha tushadi. Narx pasayishi Ai-80 benzinini olib kirish va sotishga bo‘lgan aksiz solig‘ining bekor qilinishi bilan bog‘liq.

Aksiz solig‘ini ikki oyga bekor qilish rejalari haqida 7 dekabr kuni xabar berilgandi. Shu bilan birga, birja sotuvlariga qo‘yilayotgan AI-80 benzinining kunlik hajmini oshirish, narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, narx oshishi boshlang‘ich narxning 5 foizidan ortiq bo‘lmasligini ta’minlash ham nazarda tutilgandi.

Avvalroq, O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev AI-80 benzini narxi tushishi haqida ma’lum qilgandi.