O‘zbekistonda 2022 yilning 11 oyi davomida 7,2 mln tonna don yetishtirilib, shundan, 4,6 mln tonnadan ortig‘i esa dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldi. Bu haqda 11 dekabr kuni «O‘zEkspomarkaz»da o‘tkazilgan hosil bayramida bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

U qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan tadbir ishtirokchilarini tabriklab, joriy yilda qayd etilgan ko‘rsatkichlarga to‘xtalib o‘tdi.

«2022 yil qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun haqiqiy sinov yili bo‘ldi. Ayniqsa, bu yilgi bahor va yoz oylarining dehqonchilik uchun noqulay kelishi dehqonu-fermerlarga qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Ulardan o‘z ishlariga mas’uliyat bilan yondoshishni ikki karra oshirishni va fidokorlikni talab etdi. Lekin keyingi yillarda agrar sohada yaratilgan tizim tufayligina shunday og‘ir yilda ham barcha tarmoqlarimizda yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi», — dedi u.

Sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli joriy yilda 7,2 mln tonna hosil yetishtirildi, — dedi Shuhrat G‘aniyev. — Shundan davlat resurslariga 2,6 mln tonna don xarid qilindi hamda 4,6 mln tonnadan ortig‘i dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldi. Fermerlar ixtiyoriga qoldirilgan boshoqli donni o‘zi xohlagan muddatda erkin narxlarda sotish imkoniyati yaratildi".

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yil 22 mln tonnadan ortiq meva-sabzavot, 3,5 mln tonnadan ziyod paxta, 24 ming tonna pilla, 2,7 mln tonna go‘sht va 11,7 mln tonnadan ortiq sut, 8,7 mlrd dona tuxum, 500 ming tonna baliq mahsulotlari olishga erishildi.

«Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi, baliqchilik, asalarichilik mahsulotlarini qayta ishlash, ularni eksport qilish bo‘yicha ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi. Albatta, bularning hammasi dehqonu-fermerlarimiz, klasterlarimiz, chorvadoru-pillakorlarimiz, suvchiyu-mexanizatorlarimiz, olimu-mutaxassislarimizning mashaqqatli mehnati va peshona teri evaziga yaratildi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari mart oyidagi noqulay ob-havo sharoitining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ta’sirini o‘rgangandi. Tahlillarga ko‘ra, sovuq havo va yog‘ingarchiliklar ayrim hududlarda mevali bog‘larning kurtak novdalariga qisman salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Uzumzorlar, ertaki ekilgan kartoshka va sabzavot ekinlari zarar ko‘rmagan.