11 dekabr kuni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov rahbarligida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib ta’minlash masalalari bo‘yicha Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Unda, jumladan, qonunbuzilishga hamda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan soha rahbarlaridan ayrimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qamoqqa olingani ma’lum qilindi.


Foto: O‘zA

Bosh prokurorning ma’lum qilishicha, «Hududgazta’minot»ning Toshkent viloyati bo‘yicha tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan «Hududgaz Toshkent» filiali direktori Muzaffar Aliyevga nisbatan jinoyat ishi ochilgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan, deya aniqlik kiritdi prezident Administratsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Allamjonov o‘zining Telegram-kanalida.

Shuningdek, «Yangiyo‘l tumangaz» rahbari Umid To‘ychiyev va «Guliston tuman elektr tarmoqlari korxonasi» sobiq rahbari Furqat Shodmonqulovga ham jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

«Agar boshqa hududlardagi mas’ullar ham bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasa va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ysa, ularga ham albatta xuddi shunday jinoiy ish qo‘zg‘atiladi», — dedi Sardor Umurzakov.

Avvalroq Energetika vazirligi aholi va ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan ta’minlash zarurati tufayli tabiiy gazdan foydalanishi vaqtinchalik taqiqlangan «Olmaliq g‘ishtchi» MCHJga qarashli g‘isht zavodi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani haqida xabar bergandi.

Viloyat gaz ta’minoti tashkiloti rahbari prokuraturaga mazkur korxonaning faoliyat yuritishi zarurati to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilib, buni ma’lum eksportchilar ro‘yxatiga kiritilgani bilan izohlagan. Vazirlik bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va aniqlangan faktlar yuzasidan unga nisbatan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotganini qayd etgandi.