O‘zbekistonda energetika inqirozi yuzaga kelishiga sababchi bo‘lganlar jazosiz qolmaydi. Bu haqda 9 dekabr kuni energiya resurslari masalalari bo‘yicha Respublika shtabi yig‘ilishida prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov ma’lum qildi, deya xabar berdi O‘zA.

«Bizlarni bu holatga olib kelganlar suvdan quruq chiqib ketmaydi. Ularning ba’zilari hozir ichimizda, yig‘ilishda o‘tiribdi» — Sardor Umurzakov.

Yig‘ilishdan olingan suratlarda unga viloyat hokimlari, Vazirlar Mahkamasi, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojnov va uning o‘rinbosari, bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev va boshqalar videokonferensaloqa orqali ulanganini ko‘rish mumkin.

Sardor Umurzakov, shuningdek, «O‘ztransgaz»ga qarashli kompressor stansiyalarida ham jiddiy kamchiliklar mavjudligi, jami 37 ta agregatdan 21 tasi ta’mirtalab ekanligini ham ta’kidladi. U energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va «O‘ztransgaz» rahbari , Bekzod Normatovga barcha agregatlar zudlik bilan ishchi holatiga keltirishni topshirdi.

«Nosoz agregatlar boshqa qurilmalar zo‘riqish bilan ishlashiga olib kelib, texnik nosozliklar kelib chiqishiga va iste’molchilarni barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash imkonini yo‘qqa chiqaradi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hududlarda yo‘l qo‘yilgan cheklov va yuz bergan avariyalar oqibatida elektr energiyasining uzilishi aholining e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Masalan, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona va Toshkent shahrida 1485 ta mahalla kunning ma’lum bir vaqtida elektr ta’minotisiz qolgan. U «Hududiy elektr tarmoqlari» raisi Ulug‘bek Mustafoyevga respublika hududlarida avariyalarni bartaraf qilish bo‘yicha brigadalar sonini ko‘paytirish va avariyalarni to‘liq bartaraf etish choralarini ko‘rishni topshirdi.

Sardor Umurzakov, shuningdek, ko‘mir yetkazib berish ko‘rsatkichlari Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala (20 foiz) va Qarshi (38 foiz) tumanlarida hamda Navoiy viloyatining Karmana tumanida (22 foiz) past darajada qolayotganini ham qayd etdi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev, «O‘zbekko‘mir» bosh direktori o‘rinbosari Erkin Yakubov, «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruv raisi Husniddin Xasilovga ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha tasdiqlangan yetkazib berish grafigi ijrosini qat’iy ta’minlash topshirildi.

sentabr oyida O‘zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilgan, unga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilbay Ramatov rahbar etib belgilangan edi. Hududiy komissiyalarga hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari boshchilik qiladi.

O‘tgan yili ham, avvalgi yillarda ham shunday komissiyalar tuzilgan. 2020 yilda bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent tumanlarida, Ochilbay Ramatov esa O‘zbekiston viloyatlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni tashkil etish bo‘yicha mas’ul etib tayinlangan.