O‘zbekistonda sovuq kunlar boshlanishi bilanoq, elektr energiyasi va gaz ta’minotida uzilishlar kuzatilishi an’anaga aylangan. Biroq bu yil yanada o‘zgacha holat yuzaga keldi, ya’ni viloyatlardan tashqari, poytaxt Toshkentda ham gaz va svet tez-tez o‘cha boshladi. Joriy yildagi birinchi qalin qorning o‘zidayoq mamlakatning energota’minotida inqiroz yuzaga keldi.

Energetika vazirligi mazkur vaziyatni — aholi soni shiddat bilan oshib borayotgani va ishlab chiqarish keskin tushib ketgani bilan izohlamoqda. Buning ortidan aholi orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklar tinmayapti, faoliyati cheklangan gaz «zapravka»lar haqida gapirmasa ham bo‘laveradi. Ahvol shundayki, hatto ko‘chalarda chiroqlarning ayrimlari ham o‘chirila boshladi.

Mazkur muammolarni hal etish maqsadida 7 dekabr kuni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov Energetika, Iqtisodiy taraqqiyot va Investitsiyalar vazirliklarida shtablar tashkil etildi. Ishdagi kamchiliklar uchun «Milliy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisi, «Hududiy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, Qashqadaryo HETK filiali direktori va «Toshshaharnur» DUK rahbariga hayfsan berildi.

Mazkur voqealar ortidan «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov yaqin qo‘shni va uzoq hamkor davlatlarda elektr energiyasi va gaz bilan bog‘liq vaziyat qandayligiga qiziqdi. U dunyoning turli nuqtalarida yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi. Xo‘sh, yirik megapolislarda ham tez-tez energiya ta’minotida uzilishlar bo‘lib turadimi? Yirik shaharlar aholining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qanday ta’minlamoqda?

Eslatma: suhbatdoshlarning bildirgan fikrlari bo‘yicha vaziyat o‘sha davlatning boshqa hududida umuman aks ko‘rinishda bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Qirg‘iziston

O‘shlik jurnalist Shohrux Soipovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda Qirg‘izistonda ham elektr energiyasida uzilishlar kuzatilyapti. Ammo gaz bilan bog‘liq muammo yo‘q.

«Mamlakatda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo sovuq tushganda: qish oylarida boshlanadi. Asosan, chekka hududlarda elektr simlarning uzilishi, ta’mirlash ishlari natijasida chiroqlar o‘chish holatlari kuzatiladi. Bugungi kunda viloyat va tuman markazlarida ham grafik bo‘yicha kuniga ikki, uch soatdan svet o‘chmoqda. Ba’zi joylarda bu 4−5 soatgacha cho‘zilyapti», — dedi Shohrux Soipov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mutasaddilar buni elektr enegriyani tejash bilan izohlamoqda. «OAVda, ayniqsa, televideniye orqali aholini elektrni tejab ishlatishga chaqirmoqda. Shu bilan birga hukumat qishda ham svet ta’minotida muammo bo‘lmasligini aytmoqda. Buni vaqt ko‘rsatadi», — dedi u.

Niderlandiya

Feruza Shosaidova olti yildirki, Niderlandiyaning kattaligi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi Rotterdam shahrida oilasi bilan istiqomat qiladi. U Rotterdamda hali biror marta elektr ham, gaz ham o‘chganini eshitmagani yoki o‘zi guvohi bo‘lmaganini ta’kidladi.

«Aholi qishin-yozin uzluksiz ta’minlanadi. Havo me’yoridan ortiq sovib ketishi bu borada muammo tug‘dirmaydi, mutasaddilar oldindan tayyorgarlik ko‘radi. Bu mamlakatda bahor oylari boshida kuchli shamol bo‘lib, yomg‘ir yog‘ishi odatga aylangan. Shunday bo‘lsa-da, gaz va elektr energiyasida uzilish holatlari kuzatilmaydi», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya va Yevropa munosabatlari keskinlashishi oqibatida gaz narxi 2−3 barobarga qimmatlagan.

«Hukumat kuz o‘rtalarida aholidan kamroq gazdan foydalanishni, uydagi haroratni haddan ziyod oshirib yubormaslikni tavsiya qildi. Lekin mas’ullar kuz oxirlarida havo haroratining pasaygani bois fuqarolar xonadon haroratini beixtiyor ko‘tarishga majbur bo‘lishini, bu aholiga o‘tgan yilga nisbatan ancha qimmatga tushishi (gaz narxi balandlab ketishi)ni hisobga olib, chegirma sifatida har bir xonadonga ishlatgan gazi summasining ma’lum qismini to‘lab beradigan bo‘ldi. Hozircha ikki oylik to‘lov amalga oshirildi», — dedi Feruza Shosaidova.

Vatandoshning ta’kidlashicha, har bir xonadon ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun oyma-oy to‘lov qilib boradi va bu yil yakunida hisob-kitob qilinadi. Agar yil davomida to‘langan summa ishlatilgan gaz, suv va elektr energiyasi qiymatidan oshib ketsa, ortiqcha mablag‘ qaytarib beriladi. Aksincha bo‘lsa, oila qolgan qismini yil oxirida to‘lashi shart. «Xullas, davlatni haqqi sizda, sizning haqqingiz hukumatda qolib ketmaydi», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, uylar turli yo‘llar bilan isitiladi. Ayrim fuqarolar boylerdan, boshqalar esa quyosh panellaridan foydalanadi. Har bir uyda elektron termometrlar o‘rnatilgan bo‘lib, aholi boshpanasini o‘zi xohlagan temperaturada isitib yashaydi.

Misr

To‘rt yildan beri Qohirada yashayotgan Murodjon Jalilov Misr poytaxtida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammoni ko‘rmaganini aytdi.

«Bir necha marotaba besh-o‘n daqiqaga texnik nosozlik tufayli o‘chganini eslayman. Ammo muntazam ravishda hech qachon o‘chmagan, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammoni hali ko‘rmadim. O‘zim Qohirada yashasam-da, chekka qishloqlarga borib turaman. U yerlarda ham elektr energiyasi bo‘yicha muammoga guvoh bo‘lmaganman», — dedi u.

Uning aytishicha, iste’molchining gaz yoki elektr enegriyasi hisoblagichida puli bo‘la turib, uzilish holati kuzatilsa, mutasaddilar ijtimoiy tarmoqlar orqali albatta, aholidan uzr so‘raydi.

Germaniya

Samarqandlik Dilbar G‘afforova oilasi bilan Marburg shahrida yashaydi. Uning aytishicha, Germaniyada uylar shunday qurilib, ta’mirlanadiki, tashqarida kuchli sovuq bo‘lishiga qaramay, xonadon ichidagi harorat bir maromda saqlanib turadi.

«Bu davlatda 2011 yildan buyon yashab kelayotgan bo‘lsam, bir marta elektr energiyasi ta’minotida uzilish kuzatilgan xolos. O‘shanda shahardagi katta bir korxonada yong‘in chiqqan, qurilish, ta’minot ishlari sabab mutasaddilar aholini oldindan ogohlantirib, chiroqni yarim kun davomida o‘chirgan. Shundan so‘ng uzilish holatlari bo‘lgani yo‘q», — dedi vatandosh.

Dilbar G‘afforovaning hikoya qilishicha, germaniyaliklar azaldan juda tejamkor xalq hisoblanadi.

«Nemislarning uylari qishda yoz oylaridek yuqori darajada issiq bo‘lmaydi. „Qishda odam sal qalin kiyinib yurishi tabiiy, uy ichida yozdagidek yengil kiyinish shart emas“, deydi ko‘plab aholi. Bu mamlakat odamlari juda tejamkor. Uy ichida kechasi sham yoqib, dam olishni yoqtiruvchilar ko‘p. Chiroqlarni ham zarur bo‘lganda yoqishadi, behudaga yonib turmaydi», — dedi Dilbar G‘afforova.

Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi geosiyosiy vaziyat ortidan Germaniyada ham gaz narxi oshgan. Hukumat aholiga uyda ortiqcha xonalar va yerto‘lalarda gaz yoqmaslik taklifini bergan. «Bu — majburiyat emas, maslahat», — dedi u.

Vatandoshning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada aholiga elektr enegriyasini taqdim qiladigan davlat tashkilotlaridan tashqari, ko‘plab xususiy kompaniyalar ham bor. Odamlar o‘ziga ma’qul kelgani bilan shartnoma tuzadi. Kompaniya bilan shartnoma imzolanayotganda, uyning hajmiga qarab, bir yilda sarflanadigan elektr energiyasidan kelib chiqqan holda narx belgilanadi.

«Masalan, besh xonali xonadon uchun oyiga 100 yevro to‘lov qilishga kelishiladi. Uy egalari yil davomida har oyda 100 yevro o‘tkazib boradi. Yil yakunida hisoblagichdagi ko‘rsatkich bo‘yicha hisob-kitob qilinadi. Xonadon ko‘p to‘lov qilgan bo‘lsa, kompaniya ortiqachasini qaytarib beradi. Aksincha, biz ko‘proq ishlatgan bo‘lsak, yana qo‘shimcha to‘lovni amalga oshiramiz. Agar aholi to‘lov qilmasa, uning uyiga qaytib elektr energiyasi berilmaydi yoki kompaniya haqqini sud orqali undirib oladi. Germaniyada xonadon hisoblagichida pul tugab qolsa, svet, gaz, suv o‘chirib qo‘yilmaydi. Umumiy yil oxirida taftish qilinadi», — dedi u.

Germaniyada istish tizimlari turlicha. Qishloq aholisining ba’zilari tosh pechlar (kamen) ishlatsa, aksariyati umumiy istish tizimidan foydalanadi.

«Katta shaharlarda gaz bilan ishlaydigan umumiy istish tizimi mavjud. Elektr energiyasi bilan isitiladigan uylar ham bor. Hozirgi paytda quyosh panellarini o‘rnatish urfga kirmoqda. Shuningdek, yer qa’ridan issiqlik olish usuli ham kengaymoqda. Bu juda qimmat tizim, lekin davlat foizsiz kreditlar berish orqali aholini qo‘llayapti. Aslida bu usul juda kam davlatlarda bor, hali global tarzda rivojlangani yo‘q», — dedi Dilbar G‘afforova.

Italiya

Genuya shahrida yashayotgan Boburjon Tohirovga ko‘ra, ikki xil isitish tizimi mavjud. Eski ko‘p qavatli uylarda markaziy isitish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yangi qurilayotgan uylarlarda esa gaz boylerlaridan foydalaniladi.

«Besh yildan beri Italiyada yashasam, hali biror marta elektr energiyasining o‘chib yoki uzilib qolishi kuzatilmagan. Agar tuzatish-ta’mirlash ishlari o‘tkazilsa, kamida bir hafta oldin aholiga xabar beriladi. Ya’ni, ikki soat ichida gaz yoki svetda uzilish bo‘ladi, deya ogohlantiriladi», — dedi u.

Uning qayd etishicha, Italiyada elektr energiyasi juda qimmat, aholi tejab ishlatadi.

«Bu davlatda elektr energiyasi uchun turli tariflar bor. Ta’minotchi bilan shartnoma tuzayotganda fuqaro o‘ziga ma’qul kelganini tanlaydi. Masalan, ertalab soat 08:00 dan kechki 20:00 gacha bitta narx, kechki 20:00 dan tongi 08:00 gacha boshqa bitta narx qilish mumkin. O‘zbekistonda oldinlari uyali aloqa operatorlari shunaqa tariflarni taqdim qilardi: kechqurun soat 00:00 dan keyin arzonroq bo‘lardi. Italiyada shunday tizim elektr energiyasi sohasida mavjud», — dedi vatandosh.

Italiyada joriy yildan ishxonalarda haroratni 21 darajadan oshirmaslik bo‘yicha cheklov qo‘yilgan. «Bizga bu bo‘yicha mahalliy boshqaruv organidan xat ham keldi. Agar tashqarida sovuq -5 ga tushib ketsa, ichkaridagi haroratni 23 darajada ushlash mumkin», — dedi u.

Shvetsiya

Shvetsiyada istiqomat qiluvchi Dilobar Erkinzodaning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatda juda kam holatlarda elektr energiyasida muammo kuzatiladi. Asosan, favkulodda vaziyatlar yuzaga kelsa, o‘chib qoladi. Bu borada aholiga tezda xabar berilib, ogohlantiriladi va nosozlik bartaraf etiladi.

«Ammo to‘satdan elektr uzilib kolishi juda-juda kam kuzatiladi. Agar biror qurilish yoki ta’mirlash ishlari sababli elektr tarmog‘i o‘chirilishi zarur bo‘lsa, bu albatta, oldindan rejalashtiriladi. Ya’ni o‘sha atrofdagi aholi ogoxlantiriladi, holat haqida batafsil ma’lumot aytilib, mas’ul korxonaning aloqa vositalari taqdim qilinadi. Va albatta, bunday noqulaylik uchun uzr ham so‘rab qo‘yishadi», — dedi u.

Qayd etilishicha, isitish tizimi, gaz va elektr energiyasiga oid masalalar har doim tegishli tashkilotlar tomonidan nazorat kilinadi. «Buning tashvishini men ëki qo‘shnim qilmasligi kerak. Hukumat va mas’ul tashkilotlar muammoni bartaraf etadi. Biz iste’molchi sifatida mablag‘ to‘laganimiz sababli xizmat ko‘ratish sifati juda yuqori», — dedi vatandosh.

Dilobar Erkinzodaning aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi urushi tufayli Yevropada gaz va elektr energiyasi narxi sezilarli darajada oshgan.

«Elektr energiyasi narxi barcha hududda turlicha. Elektr stansiyalari ham, xususiy elektr tarmoqlari tashkilotlari ham ko‘p va har biri narxni o‘zi belgilaydi. Biroq, bu degani, elektr energiyasi tizimida muammo bo‘lib, aholi chiroqsiz qolyapti, degani emas. Hammada elektr va gaz bor. Hatto to‘lov qilishga imkoni yo‘qlarda ham o‘chirib qo‘yilmaydi. Mahalliy ma’muriyatlar ishsiz, kam ta’minlangan oilalarga bu masalalarda ko‘maklashadi», — dedi u.

Uning aytishicha, shvetsiyaliklar har bir narsani qadriga yetadi, behuda isrofgarchilik holatlari kuzatilmaydi.

«O‘zbekistondagidek hisoblagichga pul o‘tkazmaymiz. Ta’minotchi har oy oxirida ishlatilgan elektr energiyasi to‘lovini hisoblab, jo‘natadi. Shundan so‘ng to‘lovni amalga oshiramiz. Qog‘ozda hamma ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Ta’minotchilarga nisbatan ishonchsizlik yo‘q. Chunki ular o‘z xalqini, odamlarni aldamaydi, javobgarlik va mas’uliyat yuqori», — dedi Dilobar Erkinzoda.

Yaponiya

O‘n yildan ortiq kunchiqar mamlakatning Fukuoka shahrida istiqomat qilayotgan Sohibjon Abdullayev ham Yaponiyada elektr energiyasi bilan bog‘liq hech qanday muammo ro‘y bermaganini bildirdi.

«O‘n ikki yildan beri yashayotgan bo‘lsak, biror marta „svet“ o‘chmagan. Yaponiyada atom elektr stansiyalari ko‘pligi uchun aholiga elektr doim yetkazib beriladi. Biz turadigan shaharda gaz, svet o‘chib qolish holati bo‘lmagan. Ammo mamlakatning boshqa hududida elektr 10−15 daqiqaga o‘chganida, mas’ullardan biri aholiga ta’zim qilib, uzr so‘ragan. Yapon amaldorlari juda mas’uliyatli», — dedi vatandosh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiyaning janub qismidagi aholi xonadonlari konditsioner yoki maxsus pechlar orqali isitiladi. Shimol taraflarda esa umumiy isitish tizimlari mavjud.

«Bizning oila bir oyda o‘rtacha 40−50 dollarlik elektr energiyasi ishlatadi, gaz ham huddi shunaqa», — dedi Sohibjon Abdullayev.

Turkiya

Istanbulning Fatih tumanida yashayotgan Beknazar Rahmatovning ta’kidlashicha, qalin qor yog‘ishidan oldin mahalliy ma’muriyatlar yoki ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali aholi, ayniqsa, haydovchilar ogohlantiriladi.

«Uch yildirki, oilam bilan Turkiyadaman. Shu vaqt ichida elektr energiyasida muammo bo‘lganini ko‘rmadim. Shuni aytib o‘tishim kerakki, bu mamlakatda elektr energiyasi uchun to‘lov 3 xil vaqtga hisoblanadi. Kechasi soat 22:00 dan ertalabki 05:00 gacha arzon tarif bo‘lgani bois kir yuvish, chang yutgich va boshqa texnikalar ishlatiladigan yumushlar asosan tunda qilinadi, odamlar shunga odatlangan. Agar iste’molchi qarzdor bo‘lib qolsa, O‘zbekistondagi tizimga o‘xshab, o‘zidan-o‘zi o‘chib qolmaydi. Ta’minotchilar oldin ogohlantiradi, agar to‘lov qilinmasa, so‘ng uzib qo‘yishadi», — dedi u.

Beknazar Rahmatovning aytishicha, Turkiyada aksariyat aholining uyi boyler orqali isitiladi, bu qurilma hammaning xonadoniga o‘rnatilgan.

AQSh

O‘n yildan buyon AQShning Nyu-Jersi shtati Morristaun shahrida yashovchi Asomiddin Qutbidinov kuchli shamol sabab daraxt yiqilib, simlar uzilgani ortidan elektr energiyasi besh kunga o‘chganini qayd etdi.

«O‘shandan keyin umuman o‘chganini eslolmayman. Hovli uyda yashayman, xonadonimda gaz yo‘q, hamma texnikalar elektr energiyasi bilan ishlaydi. O‘zbekistonda katta bo‘lib, chiroq va gaz o‘chishini ko‘p ko‘rganman. Ammo bunday holatlar farzandlarim uchun begona, chunki ular guvohi bo‘lgani yo‘q. Avtomobilga yoqilg‘i quyish shahobchalarida ham qishin-yozin bemalol benzin, gaz quyish mumkin, navbatlarga ko‘zingiz tushmaydi», — dedi vatandosh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerikada aholi uyini turli usullarda: kimlardir elektr energiyasi, ayrimlar gaz, ba’zilar moy yoki o‘tin yoqib isitadi. Quyosh panellaridan foydalanuvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. «Agar fuqaro uyiga quyosh paneli o‘rnatsa, o‘zidan ortib qolgan elektr energiyasini xohlagan kompaniyaga sotishi ham mumkin», — dedi Asomiddin Qutbidinov.

Xitoy

2014 yildan beri Pekin shahrida pedagoglik qilayotgan Dilsora Mirzahmedovaning ta’kidlashicha, xitoyliklar sovuqqa chidamli xalq hisoblanadi.

«Bir necha marta chiroq o‘chish holati kuzatilgan. Unda ham juda oz daqiqaga o‘chib, muammo hal etilgach, darrov yongan. Pekinda elektr energiyasini o‘chirishdan oldin nima sababdan va qancha vaqtgacha yonmasligi haqida liftlarga aniq yozib qo‘yishadi, aytilgan vaqtda albatta, yonadi. Agar ta’minotchilar ogohlantirmasa, aholi norozilik bildiradi. Lekin elektr energiyasining muntazam ravishda o‘chish odati yo‘q. Havo me’yoridan ortib, sovigan paytlarda umumiy istish tizimidagi harorat ko‘tariladi», — dedi u.

Vatandoshning hikoya qilishicha, Pekinda issiqlik ta’minoti (otopleniya)lar 15 noyabrda yoqilib, 15 mart sanasida uzib qo‘yiladi.

«Pekindan tashqaridagi qishloqlarga chiqsangiz, hovli uylarda quyosh panellari o‘rnatilganiga ko‘zingiz tushadi. O‘zbekistonda ham quyosh panellaridan foydalanishni tezroq ommalashtirish kerak. Bu aholiga ancha yengilliklar beradi», — dedi Dilsora Mirzahmedova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoyda ko‘p qavatli uylarda gazdan foydalanish mumkin emas. Aholining deyarli barchasi elektr uskunalardan foydalanadi.