O‘zbekistonda genetika sohasining yetakchi namoyandasi, Fanlar akademiyasi akademigi Abdumavlon Abdullayev 8 dekabr kuni 92 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyov uning oilasi va yaqinlariga ta’ziya bildirdi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

«Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Abdumavlon Abdullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», — deyiladi xabarda.

Abdumavlon Abdullayev 1930 yilning 13 iyulida Namangan viloyatida tug‘ilgan. 1952 yili O‘rta Osiyo davlat universitetini tugatib, mehnat faoliyatini O‘simlikshunoslik ilmiy tekshirish instituti O‘rta Osiyo tajriba stansiya kichik ilmiy xodimi lavozimida boshlagan. 1961 yilda nomzodlik, 1973 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1995 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan.

«Olim o‘zining qariyb 70 yillik ilmiy faoliyati davomida Fanlar akademiyasida fidoyilik bilan mehnat qildi. Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti kichik, katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, O‘zRFA Prezidiumining qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘limi raisi hamda umrining so‘nggi kunlarigacha instituti bosh ilmiy xodimi lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatib, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shdi», — deyiladi xabarda.

U ilmiy faoliyati davomida g‘o‘za genetikasining fundamental asoslarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan. Olim yaratgan ilmiy maktab asosida g‘o‘zaning bir qator yangi navlari kashf etildi hamda genetika seleksiyasida g‘o‘zaning yovvoyi turlaridan foydali donorlar sifatida foydalanish imkoniyati yaratildi.

Akademik Abdumavlon Abdullayevning mamlakat ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» (1980), «Mehnat shuhrati» ordeni (2003) «O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti» (2011) bilan mukofotlangan.