O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi Qirg‘iziston rasmiylari aytganidek, shu hafta emas, balki shu oy oxirida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasidagi manba ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev dekabr oyida Bishkekka tashrif buyurishi haqida uning matbuot xizmati noyabr oyi oxirida xabar bergan edi. O‘zbekiston tomoni tashrif sanalarini aytmadi. Biroq kuni kecha Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari tashrif shu hafta bo‘lishini ma’lum qildi.

9 dekabr, juma kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov raisligida Bishkekda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etishi kutilmoqda. O‘zbekiston OEIKda kuzatuvchi maqomiga ega.