Bosh vazir o‘rinbosari, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda energiya ta’minotidagi uzilishlarga izoh berdi, deya xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi ob-havo sharoiti yanada jiddiyroq talovatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun rejali o‘chirishlarni taqozo etadi.

«Bizning vazifamiz — odamlarning xonadonini gaz bilan ta’minlash, shuningdek, tabiiy gaz yordamida issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiya ishlab chiqarib, elektr energiyasini yetkazib berishdir. To‘g‘ri, e’tirozlar bor. Hammaga ham yetib bormayapti. Jo‘da ko‘p o‘chishlar bo‘lyapti. Buni biz tan olamiz, buni hech kim inkor etmayapti», — dedi energetika vaziri.

Shunday ob-havo sharoitida rejali, tizimli cheklovlar kiritgan holda [vaziyatdan] chiqib ketmasak, ertaga bundan-da jiddiyroq talofat ko‘rish mumkin. Shuning uchun bunday keskin choralar ko‘rishga majburmiz", — deya qo‘shimcha qildi Energetika vazirligi rahbari.

Yaqinda Toshkent shahar hokimligi mavjud gaz zaxiralarini barcha iste’molchilar o‘rtasida teng taqsimlashga harakat qilayotgani, biroq yoqilg‘i yetarli emasligi haqida xabar bergan edi. Shu sababdan jamoat transportidan tashqari barcha avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatini to‘xtatishga qaror qilindi.

O‘zbekiston poytaxtidagi issiqlik ta’minoti tizimini boshqaradigan Veolia Energy Tashkent kompaniyasi tabiiy gaz taqchilligi kuzatilayotgani sababli shaharning ayrim hududlaridagi qozonxonalar zarur haroratda issiqlik ishlab chiqarmayotganini ma’lum qildi. Bu, o‘z navbatida, isitish sifatining yomonlashishiga olib keladi.

Noyabr oyida ham bugungidek bir qator hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Bunga issiqlik elektr stansiyalarida (mamlakatdagi barcha elektr energiyasining qariyb 90 foizi ishlab chiqariladigan) gaz ta’minoti kamaygani sabab bo‘ldi", — deyiladi Energetika vazirligi xabarida. Milliy dispetcherlik markazi O‘zbekiston aybi bilan Markaziy Osiyo energetika tizimida avariya sodir bo‘lmasligi uchun hududiy korxonalardan energiya sarfini kamaytirishni so‘radi.