Prezident Administratsiyasida joriy yil yakuni bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda kutilayotgan natijalar va energetikadagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Yig‘ilishda videoaloqa orqali barcha hududlar rahbarlari ishtirok etyapti, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

Administratsiya rahbari Sardor Umurzakov raisligida keskin tanqidiy ruhda o‘tayotgan yig‘ilishda qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun mas’ul mutasaddilar ishidagi jiddiy kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi, mavsumga tayyorgarlik ishlaridagi qoloqliklar, yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish choralar tezkor qabul qilinmagani va umuman sustligi yuzasidan jiddiy e’tirozlar bildirildi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib ta’minlash masalalarini tezkor va tizimli hal etib borish maqsadida Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida kunu tun ishlaydigan shtablar tashkil etish topshirildi.

Bu masalalar bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatish uchun prezident maslahatchilari va bosh vazir o‘rinbosarlari har bir viloyat hokimiga biriktiriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, yig‘ilishda shtablar va biriktirilgan rahbarlar vazifalari sanab o‘tildi. Jumladan:

  • elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarish hamda ularni iste’molchilarga yetkazib berish;
  • aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari uchun ko‘mir va suyultirilgan gaz yetkazib berish;
  • qo‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi qozonxonalarning ishlash holatini nazorat qilish va boshqalar.

Eslatib o‘tamiz,avvalroq, 25 oktabr kuni respublikaning turli hududlarida gazdan uzilgan issiqxonalar egalari o‘zining noroziligini bildirib, Toshkentga kelgandi. Shu kuni ular prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov bilan uchrasholmay, Vazirlar Mahkamasiga yo‘naltirilgandi. Hukumat vakillari ularning takliflari bosh vazirga yetkazilishini aytishgandi.

27 oktabr Energetika vazirligi binosida issiqxonachilar va hukumat vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgani, issiqxonalar gazdan uzilmaydigan bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Shu kuni kechki payt prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov O‘zbekistonning turli hududlaridagi gazdan uzilgan issiqxonalar egalari bilan uchrashib, yakunda 2022−2023 yillarda hech bir issiqxonachi gazdan uzilmasligi, 28 oktabr kuni hamma issiqxonalar gazga ulanishi aytilgandi. Qaysi viloyatda issiqxonachilarga gaz berilmasa, tegishli Hududgaz rahbari ishdan bo‘shatilishi belgilab qo‘yilgandi.