7 dekabr kuni Air Arabia aviakompaniyasining Abu-Dabidan uchgan samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi va bu ikki shahar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning ochilishi bo‘ldi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Shu munosabat bilan Toshkent xalqaro aeroportida Air Arabia kompaniyalar guruhi ijrochi direktori janob Adel Al Ali ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Kompaniya ijrochi direktori to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilganidan mamnun ekanini bildirib, asosiy maqsad ikki yurt odamlarini o‘zaro bog‘lash va ularning sayohatlarini qulay va arzon qilish ekanini ta’kidladi.

«Hozirda kompaniyamiz tomonidan Sharjaga haftasiga olti marta reyslar amalga oshirilmoqda, endilikda Abu-Dabiga haftasiga ikkita reys qo‘shilmoqda. Biz faoliyat yuritadigan har bir mamlakatda hech bo‘lmaganda kunlik reyslarni ta’minlashga intilamiz. Bu mobillikni oshiradi va potensial yo‘lovchilarimiz uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratadi», — dedi Adel Al Ali.

Eslatib o‘tamiz, 9 sentabrda «O‘zaviatsiya» agentligi tomonidan Air Arabia kompaniyasiga «Abu-Dabi — Toshkent — Abu-Dabi» yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berilgandi.

15 noyabr kuni BAAning O‘zbekistondagi elchixonasida Air Arabia aviakompaniyasi tijorat menejeri Akram Al Ismoil boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan bo‘lgan suhbatda esa kompaniya kelgusi yilda Abu-Dabi tayanch aeroportidagi loukosterlar sonini 2 baravarga ko‘paytirmoqchi ekanini aytib o‘tgandi. Shunga muvofiq, kompaniya Samarqand yoki Buxoro shaharlariga muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yishi mumkin. Kelgusida esa Abu-Dabi — Toshkent o‘rtasidagi qatnovlar sonini haftasiga 7 martagacha oshirish kutilmoqda.