Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasida 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda 2022 yilning yanvar-oktabr oylari davomida 7 636 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) qayd etilganini, ular oqibatida 7 174 kishi jarohatlangan, 1 931 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Shu kabi YTHlarda o‘limlar sonini kamaytirish bo‘yicha O‘zbekistonda Vision Zero strategiyasini hayotga tadbiq etish ko‘zda tutilgandi. «Gazeta.uz» muxbiri YHXX boshlig‘i Olim Saidovdan ushbu amaliyot amalga tatbiq etilganidan so‘ng o‘lim bilan bog‘liq YTHlar soni qanchaga kamaytirilishi rejalashtirilgani haqida so‘radi.

«Bizning ustuvor yo‘nalishimiz 5 yilda [o‘lim bilan bog‘liq YTHlar sonini] eng kamida 50 foizga kamaytirish. O‘zimizga bir marrani qo‘yganmiz, minimum yarmiga kamaytirishimiz kerak. Maksimum esa eng katta natijaga erishish [rejalashtirilgan]. Har bir raqam orqasida bir insonning hayoti, oilasi, taqdiri turibdi. Biz bunga befarqlik bilan qaray olmaymiz. Shuning uchun, zudlik bilan tegishli choralarni ko‘rishni boshladik», — dedi YHXX boshlig‘i.

Vision Zero — bu yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilash va yo‘l-transport hodisalarida o‘limni kamaytirish bo‘yicha xalqaro dastur hisoblanadi. Konsepsiya avtomobil yo‘llarida o‘lim uchun «nol bardoshlik» prinsipiga asoslanadi va ularni yo‘l harakati xavfsizligi nuqtai nazaridan loyihalashni ta’minlaydi.

Avvalroq, Olim Saidov «Gazeta.uz»ga hududlarda ruxsat etilgan harakatlanish tezligini pasaytirish masalasi dekabr oyida uzil-kesil hal bo‘lishini ma’lum qilgandi. Mamlakatning barcha hududlarida tezlikni pasaytirish bo‘yicha kengashlar qarorlari Respublika komissiyasiga taqdim etilgan.