Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘'ba mudiri Saida Mirziyoyeva Toshkentda o‘tkazilgan zo‘ravonlikka qarshi kurashni institutsionalizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro anjumanda O‘zbekistonda jamiyat zo‘ravonlikka nisbatan juda sabrli ekani haqida fikr bildirdi. Bu haqda BBC O‘zbek xizmati xabar qildi.

“Menimcha, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga ayollargina emas, birinchi navbatda davlatning o‘zi qarshi ekaniga urg‘u berishimiz lozim. Oiladagi zo‘ravonlik — oilaning ichki ishi emas, bu muammo butun jamiyatga tegishli. Ayol o‘z dardi bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostida turkum tadbirlar tashkil etilmoqda. 25 noyabridan 10 dekabrgacha davom etadigan tadbirdan davlat va jamiyatning ayollar huquqi va gender tenglik muammolariga e’tibor qaratishini maqsad qilgan.

“Nega bu mavzu biz uchun muhim? Nega ushbu vaziyatdan chiqish yo‘lini tinimsiz, astoydil qidirayapmiz? Xalqaro institutlarga murojaat qilib, ulardan ko‘mak so‘rayapmiz va tajribalarini o‘rganayapmiz. Loyiha ketidan loyiha yaratyapmiz. Muammolarning sababini o‘rganyapmiz. Lekin barcha harakatlarga qaramay, bu borada hali biron bir arzigulik o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, nazarimda”, — dedi anjumanda so‘z olgan Prezident adminstratsiyasi sho‘'ba mudiri.

Saida Mirziyoyeva o‘zbek jamiyatida gender tenglik rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani singari yuqori darajaga erishishiga harakat qilishini, ammo bu yo‘lda muammolar ko‘pligini ta’kidladi.

“Afsuski, jamiyatimizning aksariyat qismi an’analarni qonunlardan ustun qo‘yadi. Bizning zaif tomonimiz ham aynan shunda”, — dedi u. Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston barcha qonunlari tenglikka asoslangani, ammo jamiyat biz zo‘ravonlikka nisbatan juda sabrli ekani haqida fikr bildirdi.

Shuningdek, anjumanda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq muammolar ham ko‘tarildi.

“Voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish zarur. Bu borada bolalar va o‘smirlarni himoya qilishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb baholash vaqti keldi”, — taklif bildirdi Prezident adminstratsiyasi rasmiysi.

Shu bilan birga, ushbu muammo hal etilishi uchun davlat va jamiyat birgalikda harakat qilishi lozimligini ta’kidladi.

“Biz jamiyatning o‘zgarishiga ham, g‘oyalarimizning qo‘llab-quvvatlanishiga ham umid qila olmaymiz. Ayollar va bolalarning manfaatlari e’tibordan chetda qolib, ular vaziyatning zaif va nochor qurboni tarzida namoyon qilinar ekan, rivojlangan, madaniyatli va sog‘lom jamiyatni barpo etish haqida orzu qilmasak ham bo‘ladi. Rivojlangan jamiyat rivojlangan ong va o‘zaro tenglikdan boshlanadi. Aynan bizning avlodimizga uzundan uzoq bo‘lgan yo‘lning eng og‘ir qismini bosib o‘tishga to‘g‘ri kelmoqda. Barchamizning kuchlarimizni birlashtirish vaqti keldi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi 9 oyda O‘zbekistonda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 27 mingdan ortig‘i — oilada, 3 mingdan ortig‘i — ko‘chada, 1 mingdan ortig‘i — jamoat joyida sodir etilganini ma’lum qilgan edi.