Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Alisher Usmanov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.

U Namangan viloyati sudi raisi etib tayinlandi, deya ma’lum qildi Davlat boshqaruvi Telegram kanali.

Ma’lumot uchun, Alisher Usmonov 1964 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Kosonsoy tuman sudining raisi, Mingbuloq tumani prokurori va Namangan viloyatidagi xalq qabulxonasi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2016 yil oxirida prezident devonida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tashkil etilgandi. 2017 yilning mayida u fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha xizmat etib qayta shakllantirildi.

Avvalroq, prezident 2016 yil dekabrdan buyon fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Tursinxan Xudaybergenovni o‘zining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari buyicha maslahatchisi etib tayinlagandi.