Ijtimoiy tarmoqlarda «AI-80 rusumli benzin yo‘q deb qimmat benzinlarni sotishayotgan ekan» mazmunidagi tarqalgan xabarlar yuzasidan «O‘zbekneftgaz» rasmiy ma’lumot berdi.

«Hozirgi kunda «O‘zbekneftgaz» AYOQSHlarida AI-80 rusumli avtobenzinning narxi oshirilmagan va uning 1 litri 6 800 so‘mligicha saqlanib qolmoqda. Shuningdek, AI-92 markali avtobenzin 9500 so‘mdan va AI-95 markali avtobenzin 10 500 so‘mdan sotilmoqda, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, bugungi kunda respublika neftni qayta ishlash zavodlarida sutkasiga 4 000 tonnadan avtobenzin ishlab chiqarilib, birja savdolari orqali iste’molchilar ehtiyojlari uchun yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari avtobenzin zaxirasi yetarli ekanligini ma’lum qilamiz, deya qayd etiladi.

Shu bilan birga, xususiy tadbirkorlar tomonidan qo‘shimcha avtobenzin importi amalga oshirilib kelinmoqda. Joriy yil boshidan bir oyda o‘rtacha 10 ming tonna avtobenzin import qilinmoqda.

Bundan tashqari, xom-ashyo importi hajmlarini oshirish hisobiga avtobenzin ishlab chiqarish va birja savdolariga qo‘yib borilayotgan avtobenzin hajmlarini oshirish choralari ko‘rilmoqda, deb ma’lum qilindi xabarida.

Ma’lumot uchun, 2 dekabr holatiga ko‘ra, birja platformasida AI-80 benzin narxi 7,8 mln so‘mni tashkil etdi.