Tarmoqlarda Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayevning tadbirkorni so‘kkani aks etgan audiosuhbat tarqaldi. Shundan so‘ng viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi, deya habar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Yig‘ilishda Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayevga «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanilib, barcha turdagi rag‘batlantirishlardan mahrum qilindi.

«Albatta, bu hol nafaqat tumanning, balki Namangan viloyatining sha’niga nomunosib harakat deya baholandi», — deyiladi xabarda.


Shuningdek, joriy yil davomida ijtimoiy tarmoqlarda shahar va tumanlar hokimliklari, viloyat boshqarmalari, tegishli tashkilotlar rahbarlarining xatti-harakatlari bo‘yicha yoritilgan masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq fuqarolar bilan muloqot chog‘ida haqoratli so‘zlar ishlatib, tadbirkorga so‘kingani uchun Angren hokimi Alisher Raimovga ham «hayfsan» intizomiy jazosi berilgandi. Viloyat hokimligi mansabdorning davlat xizmatchisi kasb etikasini buzgani va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganini tan oldi.