JCH-2022 nimchorak final bosqichi doirasida Niderlandiya — AQSh hamda Argentina — Avtraliya uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu ikki bahs ham sensatsiyalar siz o‘tdi: birinchi bahsda 3:1 hisobida niderlandlarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, Toshkent vaqti bilan 4 dekabrga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan ikkinchi o‘yinda 2:1 hisobida Argentina terma jamoasi g‘alaba qozondi.

Niderlandiya — AQSh

Niderlandiya terma jamoasi o‘z guruhidan yaqqol peshqadam bo‘lgan holda, 7 ochko bilan chiqdi. AQSh esa oxirgi turda Eronni mag‘lub etgan holda guruhda ikkinchi o‘rinni qayd etgan edi.

Ushbu jamoalar o‘rtasidagi bahs «Xalifa» xalqaro stadionida bo‘lib o‘tdi va uchrashuvni tomosha qilish uchun stadionga 44 846 nafar muxlis tashrif buyurdi. O‘yinda to‘pga egalik qilish borasida AQSh terma jamoasi oldinda edi: 42% ga 58%. Darvozaga aniq zarba yo‘llash borasida ham amerikaliklar faol bo‘lishdi: 6:8. Umuman olganda, Niderlandiya faqat gollar bo‘yicha va follar soni bo‘yicha oldinda bo‘lishdi, boshqa barcha ko‘rsatkichlar borasida AQSh ustunlik qildi. Demak, vaziyatlarni muvaffaqiyatli tarzda yakunlash — AQSh terma jamoasining jiddiy muammosi.

Niderlandiya terma jamoasi o‘yinning 10-daqiqasidayoq hisobda oldinga chiqib oldi. Gol muallifi — Memfis Depay.

Depay golni nishonlamoqda.

1-taymda AQShda ham yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, ammo niderlandlar darvozaboni Noppert jamoasin qutqardi. 1-taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda Deyli Blind hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

2-taymni amerikaliklar shiddatli hujumlar bilan boshlashdi. Hujumlarda ishtirok etuvchi har bir AQSh futbolchisida, ehtimol, bittadan gol urish uchun qulay vaziyat bo‘lgandir.

AQSh terma jamoasi hujumi, Gakpo to‘pni qaytarmoqda.

76-daqiqada AQSh terma jamoasi ohir-oqibat o‘z maqsadiga erishdi. Rayt Niderlandiya darvozasiga juda chiroyli gol kiritdi. Bunday gol urishini o‘zi ham kutmagan bo‘lsa kerak. Biroq, ko‘p o‘tmay, 81-daqiqada Niderlandiya o‘zining uchinchi golini kiritdi — Dumfris hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirmoqda. Hakam 2-taymga 6 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Ammo bu vaqt ichida gol sodir bo‘lmadi. Niderlandlar ushbu hisobni saqlab qolishdi va chorak finalga yo‘l olishdi.

Argentina — Avstraliya 2:1

Argentina terma jamoasi C guruhidan ikkita g‘alaba bilan peshqadam sifatida chiqishdi. Avstraliya terma jamoasi esa o‘z guruhida Daniya va Tunisni mag‘lub etgan holda ikkinchi o‘rinni egallashdi.

Ushbu ikki jamoa o‘rtasidagi bahs «Ahmad bin Ali» stadionida 45 032 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yinda to‘pga egalik qilish bo‘yicha Argentina terma jamoasi ustunlik qildi: 60% ga 40%. Biroq vaziyatlardan foydalanish borasida ustunlik Avstraliya terma jamoasi tomonida. Chunki Avstraliya Argentina darvozasiga 1 ta aniq zarba yo‘llagan va yagona zarbani golga aylantirgan. Argentina terma jamoasi esa darvozaga 5 ta aniq zarba yo‘llagan. Argentinaliklarning noaniq zarbalari soni esa 7 ga teng. Bu keyingi bosqichlarda jiddiy muammoga aylanishi mumkin, chunki pley-off bosqichlarida odatda yagona zarba ham o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin, statistika esa Argentinaning yagona zarbani golga aylantira oladigan jamoaga o‘xshamasligini ko‘rsatmoqda.

O‘yindagi ilk golni 35-daqiqada Lionel Messi kiritdi — 1:0. U to‘pni yerlatib darvozaning burchagiga yo‘naltirdi. Darvozabon to‘pga ulgurmadi. 1-taymda boshqa gol kiritilmadi.


Foto: Reuters / Carl Recine

57-daqiqada Alvares hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Argentinaning pressingi oqibatida Avstraliya darvozaboni Metyu Rayan xatoga yo‘l qo‘ydi, Alvares esa xatodan unumli foydalandi.

77-daqiqada Avstraliya terma jamoasi oradagi farqni qisqartirishga erishdi. Gudvin tomonidan yo‘llangan zarba Fernandesga tegib o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi, oqibatda darvozabon Martines bunday vaziyatda jamoani qutqarishi qiyin edi. Hisob — 2:1.

Foto: Getty Images

Goldan keyin Avstraliya yana jonlandi. Chunki 2:1 hisobi ishonchli emas. Hakam o‘yinga 7 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Qo‘shimcha daqiqalarda Messi dublga erishishi ham mumkin edi, ammo biroz omad yetishmadi. Omad, shuningdek, Avstraliya terma jamoasiga ham yetishmadi, chunki ular bitta gol ura olishganida, o‘yinni qo‘shimcha taymlarga o‘tkazishlari mumkin edi. Qo‘shimcha taymlarni amallab o‘tkazishganida esa penaltilar seriyasiga o‘tilar edi. Penaltilar seriyasida esa nima bo‘lishini hech kim oldindan ayta olmaydi.

Argentina terma jamoasi 2:1 hisobida g‘alabaga erishib, chorak finalga yo‘l oldi. U yerda esa argentinaliklar Niderlandiya bilan to‘qnash keladi. Ma’lumot uchun, Argentina — Niderlandiya bahsi Toshkent vaqti bilan 10 dekabr soat 00:00 boshlanadi.