Amputant futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 dekabr kuni Cobalt avtomobillari bilan taqdirlandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) matbuot xizmati xabar berdi.

Milliy Paralimpiya qo‘mitasida o‘tgan taqdirlash marosimida O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi Odil Abduraxmanov, sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, futbol bo‘yicha O‘zbekiston amutantlar terma jamoasi vakillari ishtirok etdi.

Rasmiylar terma jamoaning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati bilan yana bir bor qutlab, ulardan kelgusida ham ulkan g‘alabalar kutib qolishlarini bildirdi. Shuningdek, amputant futbolchilarning bunday rag‘batlantirilishi imkoniyati cheklangan boshqa hamyurtlarimizning sport bilan shug‘ullanishlari uchun katta motivatsiya bo‘lishini alohida ta’kidladi. Tadbir so‘nggida sportchilarga avtmobillar topshirildi.

9 oktabr kuni amputantlar o‘rtasida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gaiti jamoasini mag‘lub etib, Jahon kubogida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu terma jamoaning turnir tarixidagi yettinchi medali bo‘ldi.

Avvalroq terma jamoa a’zolari YouTube’dagi SUBYEKTIV loyihasida ularga 3-o‘rin olgani uchun 10 mln so‘mdan pul mukofoti berilganini aytib, bundan noroziliklarini bildirgandi. Sportchilar ularga e’tiborsizlik bo‘layotgani, shuningdek, mashg‘ulotlar uchun harajatlarning barchasiga o‘z yonidan pul to‘lashi haqida gapirgandi.

Ko‘rsatuv e’lon qilingach, sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov terma jamoa a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazib, ularni qo‘shimcha rag‘batlantirishga va’da bergandi.