O‘zbekistonda noyabr oyidan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar soni sezilarli darajada ortmoqda. O‘sish dinamikasi, avvalo, kunlar sovib, odamlar asosiy vaqtini yopiq bino va inshootlarda o‘tkazayotgani bilan bog‘liq, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

«Qolaversa, COVID-19ning yuqumlilik darajasi yuqori bo‘lgan yangi mutatsiyalari bemorlar soni ko‘payishiga sabab bo‘lyapti», — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda hozirgi kunda «omikron»ning qaysi subvarianti dominant versiyaga aylanganini aniqlash maqsadida 10−12 noyabr kunlari Respublika maxsus 1-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga gospitalizatsiya qilingan 27 nafar bemordan tibbiy namunalar olindi.

Shundan so‘ng ushbu tahlillar Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazida sekvenlash jarayonidan o‘tkazildi. Natijada 27 nafar bemor «omikron» shtammining BA.5 subvarianti bilan zararlangani ma’lum bo‘ldi.

BA.5 subvariantining avvalgi mutatsiyalardan farqi nimada?

Mazkur versiyaning yashirin davri boshqa shtammlar singari 5−6 kun emas, 2−3 kunni tashkil etyapti. Uning asosiy belgilari tomoq og‘rig‘i, tana haroratining gektik (41 darajagacha) ko‘tarilishi, bosh va mushaklarda kuchli og‘riq, holsizlik, uyquchanlik, kon’yuktivit (10 foiz holatda), rinit va tonzilit (40 foiz holatda), otit (10 foiz holatda), diareya (10 foiz holatda) yuzaga kelishi kuzatilmoqda.

Shuningdek, kuchli va xurujli yo‘tal, ba’zi hollarda ko‘krak qafasida og‘riq, nafas qisishi va havo yetishmaslik belgilari yuzaga kelmoqda.

«O‘pka to‘qimasining zararlanishi 30−40 foiz holatlarda kuzatilmoqda, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov. — Bunday bemorlarning aksariyati uy sharoitida yoki ba’zi xususiy klinikalarda antibiotik, gormon preparatlari hamda tomchi dorilarni tomir ichiga maqsadsiz va palapartish qabul qilgan yurtdoshlarimizdir».

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov hozirda O‘zbekistonda eng ko‘p tarqalgan «omikron-stells» shtammi ekanligi, surunkali kasalliklar bo‘lmagan taqdirda uning yengil kechishi haqida ma’lum qilgan edi.