Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Romitan tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, kompyuter va boshqa texnik qurilmalarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari mazkur tumanning cho‘l hududida joylashgan boshqa bir MCHJ binosini hamda mahalliy fermer xo‘jaligiga qarashli dala shiyponini ijaraga olgan. Ushbu binolarga mayning qurilmalari o‘rnatib, qonunga xilof ravishda yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga ulangan.

Tekshiruv davomida jami 9 turdagi 456 dona mayning qurilmalari va boshqa butlovchi elektr jihozlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

«O‘zenergoinspeksiya»ning Buxoro viloyat hududiy bo‘limi va Romitan tuman elektr tarmoqlari korxonasi xulosasiga ko‘ra, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida mayning ferma tomonidan davlatga 2 mlrd 530 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.