Yevropa Ittifoqi iyul oyi boshida Qoraqalpog‘istondagi fojiali voqealarga aloqadorlikda ayblanayotgan 22 shaxs ustidan Buxoroda davom etayotgan sud jarayonini diqqat bilan kuzatib bormoqda, deyiladi Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi delegatsiyasi bayonotida.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumatiga «jarayonni jamoatchilik, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari uchun ochiq va shaffofligini, hamda bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyani ta’minlagani uchun» minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, jarayonni «adolatli hamda xolis» bo‘lishiga umid bildirdi.

«Biz hukumat fikrni erkin izhor qilish va yig‘ilishlar erkinligi bo‘yicha, shu jumladan, GSP+ doirasidagi o‘zining majburiyatlarini bajarishga chaqiramiz. Shuningdek, biz Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha tergov komissiyasining ishlari natijasini yaqin kunlarda olishni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz va ushbu natijalar jamoatchilikka e’lon qilinishiga umid qilamiz», — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Nukus voqealarida ayblanayotganlar ustidan boshlangan sud jarayonini kuzatayotganini ma’lum qilib, O‘zbekiston hukumatini shaffoflikni ta’minlash borasidagi majburiyatlarini bajarish hamda kuch ishlatar idoralar xodimlari qonunlarni buzgan bo‘lsa, ularni ham javobgarlikka tortishga chaqirgandi.