Toshkent shahri va Toshkent viloyatida psixatrop moddalar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi, deya xabar qilmoqda DXX.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Sergeli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Shayxontoxur tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan R.P. 56 dona «Regapen» va 10 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Shuningdek, R.P.ning Cobalt rusumli avtomashinasi tegishli tartibda tekshirilganda, 2858 dona «Regapen» va 691 dona «Tropikamid» dori vositalari borligi ham aniqlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudi tomonidan u Jinoyat kodeksining 251−1-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Boshqa holatda esa Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan I.I.ning xonadoni ko‘zdan kechirilganda 77 dona «Tropikamid», 13 dona «Regapen» va 6 dona «Selofen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan I.I. Jinoyat kodeksining 251−1-moddasi bilan aybdor deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Toshkent viloyatidagi «Chinor» YPX maskanida Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan B.A. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, unda 5572 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan M.Yu. mazkur dori vositalarini Toshkent shahrida qabul qilib olgan vaqtda ushlandi.

Shuningdek, u dori vositalarining bir qismini Chilonzor tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan B.B.ga sotishi kerakligi ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olindi.

Bundan tashqari, tegishli ko‘rsatmalar asosida jinoiy guruh yetakchilari — Toshkent shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan N.A. va Qo‘qon shahrida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan R.M.lar ham ushlandi. O‘z o‘rnida R.M.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 3542 dona «Regapen» dori vositasi borligi aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, ushbu kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari mamlakatga Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudi tomonidan R.M. va M.Yu.ga nisbatan 5 yil, N.A.ga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. B.A. va B.B.larga esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanilgan holda tayinlagan jazo shartli deb hisoblanib, ularga 2 yil sinov muddati belgilandi.