2022 yilning o‘tgan o‘n oyi davomida ichki ishlar vazirligi tizimidagi 284 nafar xodimlar turli darajada tan jarohati olib, lavozimidan bo‘shatilgan. Bu haqda 1 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ta’kidlanishicha, ichki ishlar organlari xodimlari orasida kundalik yoxud tungi xizmat faoliyati davomida turli baxtsiz hodisalar va fuqarolar tomonidan qarshilik ko‘rsatilishi oqibatida vafot etish hamda tan jarohati olib nogiron bo‘lib qolish holatlari tez-tez uchramoqda.

IIV vakili Hamza Maxsumovning aytishicha, 2022 yilning 10 oyida 25 nafar xodim: 9 nafari yul-transport hodisasi oqibatida, 16 nafari xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan. Turli holatlar bo‘yicha 6 mingdan ortiq xodimga intizomiy jazo qo‘llanilgan.

Shuningdek, 284 nafar xodim turli darajada tan jarohati olib, aksariyati olgan tan jarohati oqibatida orttirilgan nogironlik holati yoki xizmatga yaroqsizligi sababli sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.