Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»

«Zahmati ko‘p, maoshi haminqadar, tarixi uzun kasb egasi»

Pochtalyonlar qanday ishlaydi?
«Gazeta.uz» yangi — «Professional» nomli loyihani boshladi. Mazkur maqolalar turkumida baʼzan eʼtibor berilmaydigan, lekin zahmati va masʼuliyati boshqalarniki bilan baravar, hattoki undan ham ortiq kasb egalarining faoliyati haqida batafsil hikoya qilinadi.

Ilk qahramonlarimiz — el orasida pochtachi sifatida tanilgan Ikromovlar oilasi.
Oqil Ikromov 23 yildirki Sagʻbon-Farobiy koʻchalari kesishmasidagi «Toshkent pochtamti» filiali 2-aloqa boʻlimida pochtalyonlik qiladi. U aloqa sohasida 40 yoshida ish boshlaganiga qaramay, aslida bu kasbga u qadar begona emasdi. Rahmatli onasi Oʻktam aya Shayxontohurdagi 169-sonli pochta boʻlimidan pensiyaga chiqqan, keyinchalik rafiqasi Sayyora Ikromova qaynonasining ishini davom ettirgandi.

Bir kuni Sayyora opa 2-aloqa boʻlimida ochilgan boʻsh pochtalonlik oʻrnini turmush oʻrtogʻiga maʼlum qiladi. Oqil aka u paytlari doʻkonda sotuvchi edi. Bolaligidan onasiga xatu gazeta tashishda, hujjatlarni toʻgʻrilashda yordam berib oʻsganiga bu imkoniyatdan foydalangisi keldi. Uch oylik sinov muddati oʻtgach, sagʻbonliklarga pensiya va xatlar tashish Oqil Ikromovning doimiy ishiga aylandi. «Gazeta.uz» pochtalyon Ikromovlar oilasi haqida hikoya qiladi.
Sayyora va Oqil Ikromovlar.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Ikkinchi aloqa boʻlimida jami besh pochtalyon ishlaydi. Haftada besh kun 8:00 dan – 17:00 gacha, shanba kuni 13:30 ga qadar ish, yakshanba esa dam. Odatda, Oʻzbekiston Markaziy pochtasi aloqa boʻlimlariga pochtalarni kunida ikki mahal: ertalab 9:00, tushdan soʻng 14:00 ga qadar joʻnatadi. Baʼzan kechikishi ham mumkin. 25-oktyabr sanasida shunday boʻldi. Aloqa boʻlimidagilar peshingacha pochtalarni kutishdi.

Bu muddatda hamma qatori Oqil aka ham yozuv-chizuv ishlari bilan band edi. Orada ishga oid oʻzaro suhbatlar ham boʻlib turardi. Kimdir «Bugun xat oz boʻlarmikan-a?», degan xavotirli savol bersa, yana kimdir «Hammasiga ulgurarmikanmiz?», deb soʻrardi.
реклама
реклама
Gurungdagi mushtarak mavzu esa bugun qaysi pochtalyonga koʻproq jarima, qaysinisiga esa obuna kelayotgani haqidagi taxminlar edi. Hammaning oʻziga taqsimlangan koʻchalari bor. Oqil akaning chekiga Forobiy 2-berkdan 12-berk koʻchagacha boʻlgan qism tushgan. Orada Karnaval, Langar, Muhokama, Nurafshon koʻchalariga ham kirib chiqadi.
Pochtalar ham keldi. Kundalik gazetalarning nashri kechikkani sabab, ertalabki pochtalar tushga yaqin tayyor boʻlgan, yoʻllardagi tirbandlik esa kechikish nisbatini yanada oshirgan ekan. Dastlab qabul qilib olingan pochtalar roʻyxatdan oʻtkazildi, planshetli xatlar skanerlanib, konvertlar muhrlandi. Besh pochtalyon oʻz hududiga taalluqli joʻnatmalarni ajratib, manzillar ketma-ketligida daftariga roʻyxatlab chiqdi.
Oqil Ikromovning aytishicha, avvallari pochtalyonlarning asosiy vazifasi pensiya yetkazishdan iborat boʻlgan. Hozir yoʻl harakati qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq jarimalar sabab YPXdan keladigan xatlar juda koʻpayib ketgan. Kuniga Oqil akaning bir oʻzi 40-50, baʼzan 70-80 talab jarima xatini egasiga yetkazarkan.

Yana kommunal toʻlovlardan qarzdorlik, sud chaqiruvlari, kreditlarning kechikkani yoki toʻlanmagani haqida ogohlantirishlar ham boʻladi. Boshqa davlatlardan buyurtmalar, gazeta-jurnallarga obunalar esa oʻrtacha. Telefon, internet tufayli muloqot xatlari deyarli uchramaydi. Goh-goh qamoqxonadan joʻnatiladigan maktublar bundan mustasno.
Aloqa boʻlimi binosining tashqari qismida xat tashlab ketishga moʻljallangan quti.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Pochtalyonning ish stoli.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Hujjatlashtirish ishlari nihoyasiga yetgach, pochtalyonlar sarhisobni boshlashdi. Biroviga jarimalar koʻp tushgan boʻlsa, kimgadir gazeta-jurnal. Oqil akaga esa faqat 16 ta jarima xati tushgandi.

U poliyetilen paketga pochtalarni solib yoʻlga chiqdi. Aytishicha, pochtalyonlarga maxsus xalta berilgan, lekin u undan foydalanmaydi. Sababi xatjildlarni yengilroq sumkada ham tashish mumkin. Maxsus sumka ogʻirroq joʻnatmalarni tashishga qulay.
Oqil Ikromov pochtalarni tarqatish uchun poliyetilen paketga solib, tayyorlab qoʻygan.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Oqil aka pochtalarni piyoda yetkazadi. Bir kunda 5-6 kilometrlik yoʻlni yayov bosib oʻtadi. Pochtalyonga avval velosiped, keyin esa skuter berilgan. 2022-yil oktyabrining oʻrtalarida skuterlarni “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasisiz boshqarishga taqiq qoʻyilganidan beri yana piyodaga aylangan.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
«Endi ish boshlaganimda ham yayov tashirdim. U paytlari yosh, kuch-quvvatga toʻlgan davrim esmasmi, piyoda yurish hech ogʻirlik qilmasdi. YPX xatlari koʻpayib ketgach, 2018-yili velosiped berishdi, 2 yil foydalandim. 2020-yil kuz payti skuter taklif qilishdi. Avvaliga xohishi borlar oldi, keyin ayollarga ham berishdi, shu bilan hozir Toshkentning oʻzida pochtalyonlarga 70 tacha skuter berildi-yov», – deydi u.
Ikki yil foydalanib, skuter juda bizbop transport ekanini bildim. Endi toʻsatdan piyoda yurishga oʻtish biroz qiynayapti, tez-tez charchayapman. U juda kamchiqim transport ham. 220 voltli elektrdan quvvat oladi, buning uchun hech qancha pul sarflanmaydi. 6 soat quvvatlantirishga qoʻysam, toʻladi, bir martalik quvvat 100 km, mening ishimda 5 kunga yetadi.

Oqil Ikromov
«Hozir haydovchilik guvohnomasi masalasini rahbariyat hal qilyapti, oʻqigin desa, oʻqiymiz. Velosipedning ham oʻziga yarasha ogʻirligi bor. Unda muvozanatni oʻzingiz ushlab turishingiz kerak, harakat qilganda kuch sarflaysiz, charchaysiz, skuterda esa energiya sarfi yoʻq. Faqat tormoz, gaz, shularni bosasiz, xolos», – deydi Oqil aka.
Oqil Ikromovning skuteri. Pochtalyon ayni damda undan foydalanmayotgani uchun uyida saqlayapti.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
23 yildan beri bir manzilda pochtalyonlik qilayotgan qahramonimiz qayerda kimning uyi borligi, qaysi koʻchadan keyin qaysiga kirish kerakligini yaxshi biladi. Daftarida yozilgan manzil kimniki ekanini tezda uqib, «falonchi akaning uyiga», deyishidan bu yer oʻz mahallasidek maʼlumligini fahmlash qiyin emas.

Forobiy koʻchasi boʻylab kirarkanmiz, yoʻlda uchraganlar Oqil aka bilan qadrdonidek salomlashardi. Yoshi kattaroqlar «Oqil, yaxshimisan, pensiya olib keldingmi?», desa, yoshlarning hammasi «Oqil aka, bizga “shtraf” yoʻqmi?», derdi. «Yoʻq» degan javobni olganda yuzi yorishib, qoʻlini koʻksiga qoʻyib, «rahmat-rahmat», deya minnatdorlik bildirishardi.

Oqil akaning aytishicha, 2016-yildan beri pensiyalarni pochtalyonlar tarqatishi toʻxtatilgan. Bu haqda koʻpchilik xabardorligiga qaramay, pochtalyonni koʻrishi bilan «pul olib keldi» degan xayolga borishadi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Oqil aka daftaridagi roʻyxatiga qarab birin-ketin xatlarni tarqata boshlaydi. Uydan kimdir chiqmasa yo darvoza yopiq boʻlsa, tirqishidan qaraydi, ichkarida odam bor-yoʻqligini tekshiradi. Ostonada oyoq-kiyim boʻlsa yoki u-bu kimning sharpasi sezilsa, darvozani qattiqroq taqillatadi.

Shunda ham birov chiqmasa, qoʻshni yoki oʻtkinchilardan xonadonda odam bor-yoʻqligi, yashash-yashamasligi haqida soʻraydi. Agar ular ham hech kim yoʻqligini tasdiqlasa, maxsus qogʻozga pochta kelgani, uyda hech kim boʻlmagani uchun berolmagani, pochtani olish uchun telefon qilishlari mumkin boʻlgan raqamni yozadi-da, darvoza tagida qoldiradi. Uy egalari qogʻozni koʻrib, aloqaga chiqishganda qay payt koʻrishish oʻzaro kelishiladi va Oqil aka pochtani egasiga topshirish uchun oʻsha uyga qaytadan kelib ketadi.
U koʻp qavatli turar joylarga borganda aksar mijozlar uyida boʻlmasligi, ijarachilar yashash manzillarini tez-tez almashtirishi sabab ovoragarchiliklar boʻlishini aytadi.
«Qaysidir yil Zarqaynar koʻchasida bir ayolning uyi “snos”ga tushib, buzilgan, uy ham berishmagan, kompensatsiya puli ham. U hokimiyat, boshqa organlarga shikoyat qilgan, ayolning nomiga javob xatlari kelganda buzilib ketgan uyining manzili koʻrsatilardi. Ayol esa u yerda yashamaydi. “Zarqaynar”dagi tanishlarimizga uni koʻrib qolishsa, nomiga xat kelganini aytib qoʻyishlarini soʻradik. Qanchadir vaqt oʻtib, buning daragini topgan ayol raqamini tashlab ketdi. Shundan keyin qachon xat kelsa, oʻziga aloqaga chiqadi, biz manzilini bilib, xatlarni yetkazamiz», – deydi Oqil Ikromov.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Pochtalyon konvertlarning ichini ochib koʻrishi mumkin emas. Faqat xatning qanday mazmunda ekanidan xabari boʻladi, xolos. U pochtalarni aloqa boʻlimiga kelganidan soʻng 3 kun ichida yetkazib berishi shart.
Kelgan xatlarni yoʻqotmasdan, vaqtida, ichini ochmasdan yetkazib berishni boʻynimizga olganmiz. Bilasiz, hozir xatlar yelimlanadi, yaxshi yopishmay ochilib qolishi ham uchrab turadi. Vaziyatga qarab ish tutamiz. Agar ofisning oʻzida bilib qolsak, yelimlab qoʻyamiz, olib borganda koʻzimiz tushsa, mijozlarga yaxshi yelimlanmaganidan ochilib qolganini tushuntiramiz

Oqil Ikromov
Pochtalarni yetkazishda muhimlik qoidasiga amal qilinadi. Xabarnomali xatlarni kelgan kuniyoq eltib berish shart. Chunki uni yuborgan tarafga yetkazib berilgani toʻgʻrisida alohida xabarnoma yuboriladi. Buning uchun joʻnatayotgan taraf qoʻshimcha pul toʻlagan boʻladi. Keyin esa YPX jarimalari, toʻlovlarga oid va sud xabarlari tarqatiladi. Jarimalar yuborilgan kundan boshlab 15 kun ichida toʻlansa, 30 foizli chegirmalar boʻladi, shuning uchun kechikishi mumkin emas. Agar pochtalyon 15 kundan kechikib yetkazib bersa, 30 foizli chegirmani oʻz yonidan toʻlab beradi.
«Gazetalar kunlik boʻlsa, 5 kun chiqadi, jurnallar esa asosan oyda bir. Biz 6 kun ishlaymiz, 5 kun gazeta kelarkan, ularni alohida ajratib, oʻsha kunning oʻzida olib borib berishga harakat qilamiz. Ishlar juda koʻpaysa, belgilangan uch kun ichida boʻladi, 10, 15 kunlab qolib ketishi bizning aloqa boʻlimida uchramagan. Pochtalyonlar kecha ishga kelib qolmagan, tajribamiz yetarli, mijozlarning haqqini yetkazish masʼuliyatini his qilamiz», – deya obunalarni yetkazib berish tizimi haqida gapiradi Oqil aka.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Soʻnggi yillarda pochtalyonlarga foydalanish uchun planshetlar berilgan. Ular planshetda joʻnatmani yetkazib berganining isboti sifatida mijozning fotosurati va barmoq imzolarini olishadi. Planshetlarning yana bir qulay tarafi jarima, kechikkan kreditlar yoki kommunal toʻlovlar uchun oʻsha yerning oʻzida toʻlov qilinishi mumkin. Buning uchun pochtalyon planshetidagi “Munis” dasturiga kiradi va kerakli shtrix kodlarini terib, summani kiritadi, toʻlov amalga oshirilgani haqidagi chekni chiqarib ham beradi.
реклама
реклама
«Bu hammaga qulay. Jarimalar toʻlanishi kerak boʻlgan joyga erta tushadi, odamlar qarzidan vaqtliroq qutuladi, biz esa bir manzilga yana xat koʻtarib kelishimizga toʻgʻri kelmaydi», – deydi Oqil aka.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Uning taʼkidlashicha, bu qulaylikdan hammaning ham xabari yoʻq. Kimga qarzdorlik yoki jarima haqida xat olib borilsa, shunday tizim borligi aytilib, taklif qilinadi. Xohishi borlar, imkoniga qarab yo karta, yo naqd pul orqali toʻlaydi, baʼzilar bankka borib keyinroq toʻlayveradi.

Yoʻl-yoʻlakay bir nechta xonadon vakillarini planshetda rasmga olishga toʻgʻri keldi. Ularning hammasida bir xil holat — «Rasmga olish shartmi?» deya norozi ohangdagi malollanishni kuzatdik. Oqil aka buni shunday izohlaydi:
«Yangi tizimga odamlarning koʻnikishi oson boʻlmasligi tabiiy. Deyarli har doim noroziliklarga duch kelaman. Planshetda rasmga olay desam, baʼzilar yuzini toʻsib oladi, imzo qoʻyishini aytsam, barmoqlarini bosib turadi. Ruchkada qoʻl qoʻygandek qoʻyasiz deb koʻrsataman, sekin-sekin oʻrganib olishadi».
Oqil aka shuncha yillik tajribasida biror marta xatlarni yoʻqotib qoʻymagan. Ammo shunaqa holat sodir boʻlsa, quyidagicha yoʻl tutadi.

Idoradan chiqarida xatlarni manzillar ketma-ketligi boʻyicha taxlab oladi, maxsus daftariga xuddi shu ketma-ketlikda roʻyxatga solib chiqadi. Keyin topshirganlarini daftariga belgilab ketaveradi. Agar sumkasidan biror xat chiqmasayu, daftardagi roʻyxatda turgan boʻlsa, qaytganida idoradan izlab koʻradi. Topilmasa, darhol ish boshqaruvchiga aytadi, u boʻlsa joʻnatma kelgan joyga xat nusxasini qayta yuborishlari, asli yoʻqolib qolgani haqida xabar beradi.
Ishining asosiy qismi jarimalar tarqatishdan iborat boʻlib qolgan Oqil akaga odamlarning munosabati qanday?
«Odatda ijobiy. Qoidani buzibman, endi toʻlayman-da, deyishadi. Lekin shikoyatlar ham uchrab turadi. Birovga xat olib borsam, qoʻshnilari qanday xatligini soʻrashadi. Mazmunini aytish huquqim bor, jarima boʻlsa, jarima, qamoqxonadan boʻlsa, qamoqxonadan deyman. Yaqinda bir odam “Hadeb jarima xati tashiyversangiz, sizni urib oʻldirishadi-ku!”, deb qoldi. Baraka topgur, ayb bizdamas, biz yetkazuvchimiz, desam, hazillashganini aytib uzr soʻradi.

3-4 kun oldin bir yigit “Bir oyda 20 ta shunaqa jarima xati olib kelibsiz, nega bizga koʻp joʻnatishadi?”, deb soʻradi. Bunday vaziyatlarda ortiqcha savol yoki gap bilan odamlarning jahllarini chiqarmaslikka harakat qilaman. Joʻnatgan tarafni hatto tanimasligim, konvertning ichini ochishsa, oʻsha yerda murojaat uchun raqamlar qoʻyilgani, bogʻlanib maʼlumot olishlarini bildiraman.

Ularni ragʻbatlantirib, koʻngillarini xotirjam qilish maqsadida jarimalarni vaqtliroq toʻlashsa, 30 foiz chegirma boʻlishini eslatib oʻtaman. Necha yildan beri jarima xat tashiyotgan boʻlsam, hali biror marta kelishmovchilik, odamlar tomonidan ortiqcha xatti-harakatlarga uchramadim. Lekin hamkasblarimda onda-sonda uchrab qoladi. Jarima olib borsa, ichib olgan shirakayflar qattiqroq gapirib ham qoladi», – deydi u.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Xatlarni tarqatar ekan, tanish yoʻlovchilar Oqil akadan «Skuteringiz qani?», deb soʻrashardi. U boʻlsa hammaga erinmay sababini tushuntirardi. Yana qaysiki xonadonga konvert olib kirmasin, qanday xat bu deb ezmalanishar, u esa xabarsizligi, ichini ochib oʻzlari oʻqib koʻrishlarini aytishdan charchamasdi.
«Odatda odamlar meni koʻrsa, savol bermay oʻtmaydi. Ayniqsa, skuter olganimdan beri boshqarilishi, qulayliklari haqida koʻp soʻrashayotgandi. Yana xat, turli yuklar joʻnatish istagidagilar qayerga murojaat qilay yoki qamoqxonalarga nimalar yuborishim mumkin deyishadi. Qamoqxonalarga har uch oyda narsa joʻnata olishlari, ikki xil variantlari borligi, yo 10 kilogacha oziq-ovqat, yoki ikki kilogacha kiyim-kechak joʻnatish mumkinligini aytaman, xat yuborish istagidagilarga esa konvertlarni oʻzim olib borib berishga harakat qilaman», – deydi u.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Oqil akaning aytishicha, kasbining qiyinchiligi — koʻp piyoda yurish kerakligida.

Ayniqsa, koʻp qavatli uylarga chiqib-tushish osonmas. U pochta tarqatadigan uylar 5 qavatli boʻlib, lifti yoʻq.

U faoliyatidagi eng quvonchli palla pensiya tarqatgan vaqtlar boʻlganini tan oladi. Ilgari har oyning 2-dan 18-sanasigacha umumiy hisobda 1000 kishiga pensiya tarqatgan. Kimgaki, pul bersa, duosiz chiqib ketmagan.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
«Har oy ming pensionerning “Baraka top, Alloning oʻzi yoʻldosh boʻlsin!” degan duosini olardim. Shu emasmi, ishingdan rohatlanish?! Mustaqillik eʼlon qilingan yili rasman biror yerda ishlamaganlarga ham pensiya berish boshlandi. Doʻppi tikib tirikchilik qiladigan bir ayolga pensiya olib borsam, yigʻlab yubordi va Birinchi prezident Islom Karimovni “Ishlamasak ham bizni eslabdi, uni Alloh eslasin”, deb uzoq duo qildi», – deya eslaydi pochtalyon.
U odamlar bilan ishlash oson emasligini taʼkidlaydi. Ayniqsa, pensiyasining kamligini aytib pochtalyonga shikoyat qilishlar, oyning maʼlum sanasida pochtalyon bormasa, aloqa boʻlimiga pul, xat soʻrab kelishlar koʻp boʻlgan.
«Baraka topgurlar, oʻzim olib boraman, pul hududlar boʻyicha ketma-ketlikda keladi, bir vaqtda hammaga berolmaymiz desam ham “vaqtliroq olishni yaxshi koʻraman-da”, deb kelib olishardi. Qaysdir yili bir ayolning oʻgʻli qamalib qoldi, u qamoqdan doimiy xat yozib turardi. Orada xat kelmay qolgandi, har oy xat eltadigan sanada ayol “Oʻgʻlimning xatini olgani keldim”, deb idoraga bosh suqardi. Xat kelsa, oʻzimiz olib borishimizni aytsak ham, bilganidan qolmasdi. Shirinsoʻz boʻlmasak, ularni eshitmasak, keksalarni ranjitib qoʻyamiz. Shu sabab doim xushmuomala boʻlishimiz shart», – deydi Oqil Ikromov.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
U kasbidagi yangiliklarni tez oʻzlashtirishi, universitetda oʻqimagan boʻlsa-da, maktabda harholda yomon oʻqimagani, ilmi oʻziga yetarli ekanini taʼkidlaydi. Ayniqsa, tengqurlarining lotin alifbosiga moslashishi qiyin boʻlgani, oʻzi esa maktabda nemis tilini oʻrgangani uchun bu alifboni tezda oʻzlashtirganini faxrlanib aytadi.
реклама
реклама
«Yaqinda bir loʻli ayolga xat kelibdi, olib borsam, “oʻqib bering, savodim yoʻq” dedi. Ichini ochdim-da, oʻqiy boshladim. Qamoqdagi oʻgʻli onasiga atab juda taʼsirli sheʼr yozibdi. Ayol eshitib, yigʻladi. Uzoqlarga qarab jim turdi-da, keyin asta rahmat aytdi. Bunday holatlarga koʻp duch kelaman. Asosan, qariyalar koʻzim oʻtmaydi yoki lotiningni tushunmayman, oʻqib bering deb, iltimos qilishadi. Odamlarning ogʻirini yengil qilganimdan Alloh shu kasb bilan siylagani uchun shukrlar aytaman», – deydi Oqil aka.
Undan sohangizning qaysi tomonlarini oʻzgartirish yoki butunlay isloh qilish kerak, desam, yengil kulgi bilan:
«Eh, bizning talabimiz koʻp. Qaniydi, xizmat mashinamiz boʻlsa, skuterda pochta tarqatib, uning mazasini tushunib qoldik, mashina boʻlsa, undanam qulay-da. Yana oyliklarimiz oshsa, deymiz. Bu faqat mening emas, barcha hamkasbimning xohishi. 1 million 800 ming soʻm maosh olaman. Koʻryapsiz, yayov yuramiz, u ham osonmas, yana ishga kelish-ketish xarajatlari, tushlik puli ham bor. Shuncha harakat, oilali odamga bu pul kamligini oʻzingiz ham bilasiz, narx-navoyam osmonga koʻtarilyapti. Shunday paytlari katta-katta maosh oladiganlarga havasingiz keladi-da», – deya biroz xoʻrsinib qoʻydi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Sayyora Ikromova Oqil Ikromovning ayoli, 60 yoshda. U 1989–1999-yillari — oʻn yil Shayxontohur tumanidagi 169-aloqa boʻlimida pochtalyon boʻlib ishlagan. Sayyora opa ikkinchi farzandini dunyoga keltirib, bola taʼtiliga chiqqanida pochtalyon qaynonasining oʻrniga obunayu, xatlarni tarqatib yurgan. Qaynonasi pensiyaga chiqqandan keyin uning oʻrniga ishga joylashgan.
Sayyora Ikromova
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Oʻsha paytlari Ikromovlar oilasi aloqa idorasi joylashgan «Huvaydo” mahallasida istiqomat qilgan. Sayyora opa ertalab bomdoddan keyin kelgan obunalarni oʻzi qabul qilib olgan. Roʻyxatga olish, hujjatlashtirish ishlarini tez bajarib, gazeta-jurnallarni uyiga olib ketgan, uy ishlarini nihoyalab bolalarini uxlatgach, ularni tarqatib kelishga chiqib ketgan.

Obunachilar oʻsha vaqtlari «Gʻuncha», «Lenin uchquni» (Keyinchalik «Tong yulduzi”), «Saodat», «Rabotnitsa» jurnallari, «Postda», «Qalb koʻzi», «Toshkent oqshomi», «Pravda Vostoka» «Izvestiye» gazetalariga koʻp obuna boʻlishar, tong otishi bilan ularni qabul qilgan Sayyora opa esa egalariga yetkazgunigacha oʻqib olishga ham ulgurardi.

U ham pochtalarni yayov tashigan. Pochtalyonlarning katta sumkasi noqulay boʻlganidan gazeta-jurnallarni qoʻlida taxlab uch martada tarqatib chiqqan. Baʼzan bolalari uxlamasa, ularni ham yetalab yurgan, bolalar aravachasining bir chetiga gazeta-jurnallarni qoʻyib, tarqatib chiqqan. Bolalarining boʻyi choʻzilgach, unga yordamchi ham boʻlishgan.
Ikromovlar oilasi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
«Boshi berk koʻchalar chiqqanda tez yurishga qiynalardim, bolalarning qadami yengil, chopqillab borib kelishardi. Sohamizdan ikki oʻgʻlimiz ham boxabar, hozir kichik biznes bilan shugʻullanishadi», – deydi Sayyora opa.
Obuna qildirish uchun ham odamlarning uyiga tez-tez borib turgan opa obunachilarning koʻp boʻlishini ikki narsa bilan bogʻlaydi. Pensionerlar pensiyasidan, maktab oʻquvchilari esa maktabidan majburiy obuna qilingan. Shuningdek, oʻzi xohlab obuna boʻladiganlar ham uchrab turgan.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
«Hammasidan ham pensiya tarqatishning masʼuliyati ogʻir. Bir marta bir xonadonning javoni tepasiga 20 ming soʻm pulni qoʻyibman-da, ularning pensiyasini berib ketib qolibman. Hisob-kitob payti kamomad chiqdi, tezda koʻchaga chopib, oʻsha kuni pensiya tarqatgan hamma uydan soʻrab chiqqanman. Oʻsha uyga kirib soʻragandim, kelib qolarsiz deb olib qoʻygandik-da deya pulni qoʻlimga tutqazishgan. Ish tanlamasdim, nimani eltish, hujjatlarni toʻldirish kerak boʻlsa, malollanmay qilardim, ammo ishdan ketishga majbur bo'ldim», – deya eslaydi Sayyora opа.
Suhbatdoshimiz ishdan nega ketishga majbur boʻlganini eslashni xohlamadi, ammo oʻsha yillari uning turmush oʻrtogʻi Oqil Ikromov ham boshqa aloqa boʻlimiga ishga joylashgan. O‘zi esa chinni ishlab chiqarishda faoliyatini boshlagan. Biroq u yerda mehnat daftarchasiga staj yozilmagani uchun boshqa ish qidirgan.

«Keyin “Maxsustrans”ga oʻtib ketdim. Aloqa boʻlimida oʻrnimga odam olmasdan turib meni ketkazishgandi, ancha vaqtgacha ishchi topolmay oʻzimni yordamga chaqirib yurishdi, yangi pochtalyonlar kelganda ularga oʻrgatishimni ham soʻrashdi» – deydi Sayyora Ikromova.
«Oʻsha davrlardagi eng yoqimli holat mahalladagilarning hurmati edi. Pochta tarqatadigan hududim dehqonlar mahallasi edi. Har oyning maʼlum sanasida pensiya tarqatishga borsam, bodringmi, shaftoli, oʻrik, nima hosil yigʻishsa, menga ajratib qoʻyishardi. “Anavi chelakda olxoʻri olib qoʻydim, eshikning tagida turadi, ishingni bitirib, indamay olib ketaver”, deyishardi. Tekinga berishardi, sotib olaman desam, sira unashmasdi. Hozir pensiya tarqatganlarimning koʻpi olamdan oʻtgan, ammo farzandu nevaralari hali ham uchratishsa, “Buvim, dodamga pensiya olib kelardingiz, a?» deb eslashadi”, – deydi sobiq pochtalyon.
Ikromovlar oilasi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Pochtalyonlik faoliyati Oqil aka va Sayyora opaning oʻzaro suhbatlaridagi mushtarak mavzulardan. Oqil aka endigina ishga kirganda koʻp narsani ayolidan oʻrgangan.

Pochtalyonlik opaga yaxshi hisob-kitob qilish, tez qaror qabul qilish, gazeta-jurnallarning doimiy mutolaasga imkon bergan. Mahallama-mahalla yurgani uchun odamlar undan kelinlikka nomzodlar soʻrashgan. U esa faqat ishlashini aytib, vaziyatdan oson chiqib ketishni maʼqul koʻrgan. Taʼkidlashicha, pochtalyonlik ayollar uchun ham yaxshi kasb. Avvallari koʻp pochtalyonlar ayollar boʻlgan. Talay uy yumushlarini ham pensiya tarqatayotib, kirgan xonadonlaridagi keksa ayollardan oʻrganib olgan.
реклама
реклама
«Ayollar bir piyola choy ichirmasdan chiqarishmasdi. Bir xonadonga kirsam, oldimga behi murabbosidan qoʻyishdi. Rangi juda chiroyli. Oʻsha paytlari murabbolarimni oʻxshatib yopolmasdim. Sirini soʻrasam, koʻproq qaynatishni tavsiya qilishdi. Shundan keyin yaxshi murabbo qiladigan boʻldim. Muloqotdan koʻp narsa oʻrganasiz. Ayniqsa, keksalardan. Muomalayu murosada ham yaxshigina oʻrnak boʻlishadi», deydi Sayyora Ikromova.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Oqil Ikromov 2021-yili «Mustaqillikning 30 yilligi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Ishdan qaytganda nevaralar davrasida kunini davom ettiradi.
Ikromovlar oilasi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
U pochtalyonlik kasbi yoʻqolib ketmasligiga qattiq ishonadi. Obunalar koʻp boʻlgan, pochtalyonning qoʻli-qoʻliga tegmay ishlagan davrlarni koʻrgani, hozir ham unga ish topilayotganini ishonchiga tayanch deb biladi. Qayd etishicha, bugun ish soʻrab kelayotgan yoshlar yoʻq, mahallada u-bu kim soʻrab turadi onda-sonda, ammo hozircha oʻzi ishlayotgan aloqa boʻlimida boʻsh ish oʻrni topilmaydi. «Xudo kuch-quvvat berguncha pochtalyonlik qilaman. Hozircha berib turibdi, oʻz yoʻlimda davom etaveraman», – deya suhbatni yakunladi pochtalyon Oqil Ikromov.

Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting