Farg‘ona viloyatida giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda DXX.

DXXning Farg‘ona bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida Farg‘ona shahrida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvand moddalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan fuqaroning yashash xonadoni yon atrofi ko‘zdan kechirilganda, yerga ko‘mib qo‘yilgan 21 kg 579 gr gashish moddasi borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Tojikistonlik narkokurer tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu giyohvandlik vositasini kelgusida Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida sotishni rejalashtirdi.

Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy sherigini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbir davom ettirildi va Farg‘ona — Toshkent yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Nexia avtomashinasi Namangan viloyatining Pop tumanida to‘xtatildi. Natijada Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi avtomashina yukxonasida 2 kg 816 gr gashish moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, Qo‘qon shahrida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadonida 4 kg 831 gr opiy va 995 gr gashish moddalari borligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, bu giyohvandlik vositalari Qo‘qon shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli bo‘lib, u Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan moddalarni Toshkent shahrida sotishni rejalashtirilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.