29 noyabr kuni Hukumat qarori [679-son] bilan Korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Reglamentga ko‘ra, korporativ boshqaruvchi malaka attestati Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan korporativ boshqaruv sohasida malaka mavjudligini tasdiqlash uchun beriladi.

Talabgor quyidagi asosiy malaka talablariga mos kelishi kerak:

  • Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining «Korporativ boshqaruvning zamonaviy amaliyoti va tamoyillari» bo‘yicha o‘quv kursini tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatiga ega bo‘lishi;
  • Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining «Biznesni boshqarish», «Kapital bozori va birja ishi» va «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik («Biznes innovatsiyalar va tadbirkorlik») magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha korporativ boshqaruv fanini 86 ball va undan yuqori darajalarda o‘zlashtirgan, shuningdek xorijiy mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlari va Biznes maktablarida tahsil olgan va ilmiy darajalarga ega bo‘lgan hamda korporativ boshqaruv fani bo‘yicha eng yuqori baho yoki ball olgan bo‘lishi kerak.

Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun BHMning 1 baravari (300 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi (my.gov.uz orqali murojaat qilinganda yig‘im miqdori 270 ming so‘mni tashkil etadi).