Kredit va depozitlarning dollarlashuv darajasi joriy yil sentabr oyining oxirida mos ravishda 46 va 38 foizni tashkil etib, yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Bu haqda Markaziy bankning mamlakatni 2025 yilgacha rivojlanish ssenariysi to‘g‘risidagi sharhida aytiladi.

MB ma’lumotlariga ko‘ra, dollarlashuv darajasining yuqoriligi narxlarni barqarorlashtirishning pirovard maqsadiga erishishda olib borilayotgan pul-kredit siyosatining samaradorligini pasaytiradi.

Kreditlarning dollarlashuv darajasi

Xususiy va davlat ulushiga ega korxonalar tomonidan xorijiy valyutadagi kreditlarga talabning nisbatan yuqoriligi, iqtisodiyotni kreditlashda tashqi moliyalashtirish manbalari ulushining ustunligi va xedjirlash vositalarining yo‘qligi kreditlar dollarlashuvining yuqori darajada saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Valyuta kursi o‘zgarishlarini hisobga olmaganda, kreditlarning dollarlashuv darajasi so‘nggi bir yarim yil davomida pasayib bormoqda (2021 yil apreldagi 43 foizdan joriy yilning sentabr oyida 39 foizgacha). Bu, asosan, narxlarning global o‘sishi va inflyatsiyaviy xatarlarning kuchayishiga javoban jahon moliya bozorlarida foiz stavkalarining oshirilishi natijasida banklar tomonidan tashqi resurslarni jalb qilishda ma’lum qiyinchiliklar yuzaga kelishi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, ichki depozitlarning kreditlarni moliyalashtirish manbai sifatidagi ahamiyati ortib bormoqda. Xususan, so‘nggi 2 yilda depozitlar o‘sish sur’atining kreditlar o‘sish sur’atiga nisbatan yuqori darajada shakllanayotganligi kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida, banklarning tashqi xatarlarga ta’sirchanligini pasaytiradi, moliyalashtirish manbalarining diversifikatsiyasini yaxshilaydi va banklarning nisbatan barqaror ichki resurs bazasiga ega bo‘lishiga xizmat qiladi, deb qayd etildi regulyatorda.

Depozitlarning dollarlashuv darajasi

Oldingi davrlarda valyuta siyosatidagi cheklovlar, aholining milliy valyutaga nisbatan ishonchsizligi, inflyatsiyaning nisbatan yuqori darajasi, shuningdek, muqobil jamg‘arma instrumentlarining kamligi banklarda depozitlar dollarlashuv darajasining yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotda nisbatan yuqori real foiz stavkalarining ta’minlanishi, milliy valyuta kursining barqarorligi va milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha banklar tomonidan taklif etilayotgan yuqori foiz stavkalari milliy valyutadagi depozitlarning ko‘payishiga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha o‘rnatilgan nisbatan yuqori majburiy zaxira talablari (xorijiy valyutadagi depozitlar uchun 18 foiz) va boshqa chora-tadbirlar bank tizimida depozitlar dollarlashuvining 2021 yil yanvardagi 45 foizdan, joriy yilning sentabr oyida 38,4 foizgacha pasayishiga xizmat qildi.

Regulyator jismoniy shaxslarning xorijiy valyutadagi depozitlarining valyuta kursining qisqa muddatli tebranishlariga nisbatan yuqori sezuvchanligini alohida qayd etdi. Xususan, joriy yilning I choragida so‘mning AQSh dollariga nisbatan 5,2 foizga qadrsizlanishi jismoniy shaxslar depozitlari dollarlashuvini 34 foizdan 37 foizgacha oshirdi. Biroq, 2022 yil mart oyida Markaziy bank asosiy stavkasining 2 foiz bandga oshirib, 17 foiz darajada belgilanishi va buning natijasida milliy valyuta almashuv kursi qadrining ortishi fonida sentabr oyida aholi depozitlarining dollarlashuvi 32,1 foizgacha pasaydi.


O‘rta muddatli istiqbolda milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha ijobiy real foiz stavkalarining saqlanib qolishi, valyuta kursining barqarorligi, moliyaviy savodxonlik darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar hisobiga depozitlar dollarlashuvining qisqarishi va milliy valyutadagi jamg‘armalarning bank tizimiga kirib kelish hajmining yanada oshib borishi kutilmoqda.

Valyuta nomutanosibligi (currency mismatch)

Moliyaviy va korporativ sektorlarning tashqi qarzlari ko‘payishi hisobiga moliyaviy aylanmaning o‘sishi, shuningdek, valyuta aktivlari va majburiyatlari tuzilmasining nomutanosibligi bank tizimida valyuta riski konsentratsiyasining kuchayishiga olib keladi.

Joriy yilning II choragi yakunlariga ko‘ra, tijorat banklari aktivlari va majburiyatlarining dollarlashuv darajasi mos ravishda 49 va 51 foizni tashkil etmoqda. Vaholanki, bu ko‘rsatkichni 2021 yilda 45% gacha tushirish ko‘zda tutilgan edi.

Ochiq valyuta pozitsiyasi bo‘yicha o‘rnatilgan limitlar oxirgi 4 yil davomida tijorat banklari valyuta talablari va majburiyatlarining nisbatini muvozanatlashda muhim o‘rin tutdi.

Shu bilan birga, banklar valyutaviy talablarining asosiy qismini korporativ sektorga bo‘lgan talablar tashkil etadi (jami valyuta aktivlarining 40 foizi atrofida). Ushbu sektorni, valyuta kursining mumkin bo‘lgan tebranishlaridan to‘liq himoyalanmaganligi, kelgusida bank tizimida to‘lov qobiliyati va likvidlik bo‘yicha xatarlar oshishiga olib kelishi mumkin, deya ogohlantirdi MB.

Hukumatning fiskal konsolidatsiyalash siyosati bilan bir vaqtda xorijiy kredit liniyalari oqimining pasayishi iqtisodiyotda moliyaviy resurslar tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin, bu esa depozit bazasini kengaytirish va bank tizimidagi davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni kuchaytirishni talab qiladi.

Dollarlashuv darajasini kamaytirish choralari

Banklar tomonidan jismoniy shaxslarga xorijiy valyutada kreditlar ajratish qonunan taqiqlangan. Bundan tashqari, aholining valyuta kursi o‘zgarishiga nisbatan sezuvchanligi yuqori ekanligi sababli ham ularga xorijiy valyutada kreditlar taqdim etilmaydi.

Shuningdek, majburiy zaxiralash instrumentidan ham dollarlashuv darajasini qisqartirishda faol foydalanilmoqda. Bunda, banklar tomonidan xorijiy valyutadagi depozitlari bo‘yicha shakllantiriladigan majburiy zaxiralarga 18 foizlik me’yor o‘rnatilgan. Shu bilan birga, majburiy zaxiralash bazasiga xorijiy kredit liniyalari va banklarning boshqa kreditorlik qarzlari kiritilmaganligi sababli ushbu instrumentning kreditlar va bank majburiyatlari dollarlashuvini qisqartirishga ta’siri nisbatan past bo‘lib qolmoqda.

Inflyatsion targetlash rejimi chora-tadbirlari ta’sirida o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasi pasayishi bilan Markaziy bankning asosiy stavkasi ham mos ravishda pasaytirib boriladi. Natijada, iqtisodiyotda kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishi va uning ta’sirida kreditlar dollarlashuvining qisqarishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, banklarga valyutaviy xatarlarni boshqarish orqali xorijiy valyutada jalb qilingan resurslar hisobidan milliy valyutada kreditlar ajratish imkonini beruvchi banklararo valyuta fyucherslari bozori tashkil etilmoqda.

Bank tizimida dollarlashuv darajasini pasaytirishda pul-kredit va makroprudensial siyosat instrumentlaridan muvofiqlikda foydalanish amaliyoti o‘rta muddatli istiqbolda dollarlashuv darajasining bosqichma-bosqich qisqarib borishiga va uning natijasida pul-kredit siyosati ta’sirchanligining oshishiga sharoit yaratadi, deb hisoblaydi Markaziy bank.