«Fikrimni buzib, ko‘chaga chiqishga undadi». Nukus voqealari ishi bo‘yicha sudlanuvchilar nima dedi?

Nukus voqealari bo‘yicha sudda ayblanuvchilar voqealar rivojini so‘zlab bermoqda. Jarayonning uchinchi kunida sudlanuvchilar Dauletmurat Tajimuratovga adashib ergashgani va pushaymonligini aytib, xalq va prezidentdan kechirim so‘radi. Ulardan biri ko‘krak qismiga o‘q tegib vafot etgan tanishi haqida aytib berdi.

«Tajimuratov fikrimni buzib, ko‘chaga chiqishga undadi» — Nukus voqealari bo‘yicha sudlanuvchi

30 noyabr, Nukus voqealari bo‘yicha sudning uchinchi kunida 54 yoshli gumonlanuvchi Nurlan Nayipov Dauletmurat Tajimuratovga qarshi ko‘rsatma berdi va bo‘lgan voqeada birgina u aybdor ekanligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston bilan chegara va Andijon suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi qonunlarni imzoladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish bo‘yicha qonunlar imzolandi.

Farg‘onada 30 kg giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

DXX Farg‘ona viloyatida giyohvand moddalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarni aniqladi. Ulardan 30 kgdan ortiq taqiqlangan moddalar musodara qilindi.

Poraxo‘r shaxslar suvaraklarga o‘xshaydi — Akmal Burxonov

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov korrupsionerlarni suvaraklarga o‘xshatib, ularni yegulik ko‘p joyda bo‘lishini aytdi.

Bosh prokuratura hindistonlik investorning Toshkent hokimiga qarshi ayblovlarini tekshirmoqda

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi avvalroq Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni shantajda ayblagan hindistonlik tadbirkor Murari Lal Jalanning bayonotini tekshirishga kirishdi.

Markaziy bank tijorat banklaridagi dollarlashuv darajasini qanday pasaytirmoqchi?

Dollarlashuv darajasining yuqoriligi narxlarni barqarorlashtirishga erishishdagi pul-kredit siyosatining samaradorligini pasaytiradi, deya qayd etdi MB. Bunga qarshi kurashish uchun regulyator inflyatsiyani pasaytirish niyatida, bu esa kredit stavkalari va dollarlashuvni kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.

«Maktablarning qariyb 6 foizida harakat xavfsizligi sinfxonalari tashkil etilgan, xolos» — senator

Senator Qutbiddin Burxonov avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha prezident qarori ijrosida qator kamchiliklar kuzatilayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, maktab o‘quvchilariga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish ishlari ham talab darajasida emas.

Toshkentda qaynonalar forumi o‘tkazildi

30 noyabr kuni poytaxtdagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida qaynonalar forumi o‘tkazildi. Unda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, jamoatchilik faollari va qaynonalar qatnashgan. Forumda 30 noyabrni Qaynonalar kuni, deb e’lon qilish taklifi bildirilgan.

Samarqandda O‘zbekiston — Rossiya hukumatlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbarlari Markaziy Osiyo mintaqasidagi amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdi. 1−2 dekabr kunlari Samarqandda ikki davlat hukumatlari rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

«Mohir aloqachi» ko‘krak nishoni va «O‘z kasbining ustasi» belgisi ta’sis etildi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida «Mohir aloqachi» ko‘krak nishoni va «O‘z kasbining ustasi» belgisi ta’sis etildi.

Andijon hokimi quruvchilarni nogironlar aravachasiga o‘tirg‘izib ishining sifatini tekshirdi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Yangi Andijon shahridagi qurilish ishlari bilan tanishish chog‘ida quruvchilarni nogironlar aravachasiga o‘tirg‘izib ishining sifatini tekshirdi. «Bitta nogironni hech qaysing uyingga olib kirolmaysan. Qilayotgan ishimiz bir tiyin bo‘lmaydimi?», — dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosida quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida ishga tushirilgan quyosh elektr stansiyasi muassasaning binosini kunduz kuni elektr energiya bilan to‘liq ta’minlaydi. Shuningdek, ehtiyojdan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlariga uzatish imkoniyati ham yaratildi.

Deputat mahalla raisi daraxt kesish bo‘yicha arizani muhrlamagani uchun so‘kingani aytilmoqda

Uchtepa tumani deputati uy qurilishiga xalaqit bergan 2 daraxtni kesishga ruxsat olish uchun ariza yozib, MFY raisidan uni muhrlab berishni so‘ragan. U buni inkor qilgani uchun deputat xonadan haqorat aytib chiqib ketgan. Rais uning ustidan arz qildi. Deputat esa uni so‘kmagani, o‘ziga-o‘zi noliganini aytmoqda.

Oqqo‘rg‘ondagi 29 ta mahalladagi aholining muammolari o‘rganildi

Prezident maslahatchisi G‘.Mirzayev boshchiligidagi 24 ta vazirlik va idora rahbarlaridan iborat ishchi guruhi 920 ta xonadon va 15 ta ijtimoiy soha obyektini o‘rgandi. Ularda aniqlangan 547 ta masalaning 76 tasi (13,8 foizi) hal qilindi, 471 ta masala bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Salam Air aviakompaniyasi O‘mondan O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi

O‘monning Salam Air aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi. Endilikda Maskat — Tashkent — Maskat va Maskat — Namangan — Maskat yo‘nalishlarida muntazam reyslar amalga oshiriladi.

Toshkentda IIO xodimi xizmat vaqtida o‘ldirildi

30 noyabr kuni soat 00:50 larda Olmazor tumani IIO profilaktika inspektori tezkor chaqiruv bo‘yicha «G‘alaba» mahallasida xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida o‘ldirib ketildi. Qotillikda gumonlanayotgan fuqaro muqaddam sudlangan bo‘lib, xodimga tajovuz qilgach, voqea joyidan qochib ketgan.

«Ipak yo‘lida turizm» 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi ish boshladi

30 noyabr-2 dekabr kunlari «Ipak yo‘lida turizm» Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning 30 ta davlatidan 300 nafardan ziyod soha mutaxassislari ishtirokida forum va sessiyalar, modalar namoyishi, B2B uchrashuvlari, gastrobozor, xalqaro oshpazlarning mahorat darslari o‘tkaziladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Zahmati ko‘p, maoshi haminqadar, tarixi uzun kasb egasi». Pochtalonlar qanday ishlaydi?

«Gazeta.uz» yangi — «Professional» loyihasini boshladi. Bunda ba’zan e’tibor berilmaydigan, lekin zahmati va mas’uliyati boshqalarniki bilan baravar kasb egalarining faoliyati haqida batafsil hikoya qilinadi. Ilk mehmon — el orasida pochtachi sifatida tanilgan Ikromovlar oilasi.