Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq aholi bilan muloqotning yangi tizimi joriy etilmoqda. Tajriba sifatida Toshkent viloyatining og‘ir hududlaridan biri bo‘lgan Oqqo‘rg‘on tumani tanlab olindi, deya xabar bermoqda Prezident xalq qabulxonasi.

Unga ko‘ra, Prezident maslahatchisi G‘.Mirzayev boshchiligidagi 24 ta vazirlik va idora rahbarlaridan iborat ishchi guruhi 4 ta sektor kesimida tumandagi 29 ta mahallada faoliyat olib bormoqda.

Ishchi guruhi tuman hududini mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, har bir xonadonning sharoiti bilan tanishib, aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini o‘rganib, ularni tezkor va samarali hal qilish choralarini ko‘rmoqda. Ushbu jarayonda asosiy e’tibor — og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan insonlarni qiynayotgan masalalarga yechim topishga qaratilmoqda.

Yana bir muhim jihati mas’ullar, ishchi guruhi a’zolari bevosita chekka hududlardagi qishloqlarda tunab, o‘sha yerda mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollari bilan aholida mavjud muammolar xususida muhokamalar o‘tkazib, joyida yechim izlamoqda.

Ayni paytda Oqqo‘rg‘on tumanining «Yoshlik», «Madaniyat», «Jag‘alboyli», «Suvti», «Qo‘shtamg‘ali», «Mustaqillik», «Xonobod», «Eltamg‘ali», «Sulton Segizboyev», «Tolovul» mahallalaridagi 920 ta xonadon va 15 ta ijtimoiy soha obyekti o‘rganildi. Ularda aniqlangan 547 ta masalaning 76 tasi (13,8 foizi) hal qilindi, 471 ta masala bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.


Misol uchun, «Mustaqillik» mahallasida yashovchi 70 yoshli og‘ir ijtimoiy ahvoldagi Vladimir Vyatchinin davolanishi uchun Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasiga yotqizilgan bo‘lsa, «Madaniyat» mahallasidagi A. Mamazoitov xonadoniga 40 metr quvur tortilib, tabiiy gaz ta’minotiga ulab berildi. Hududda tashkil qilingan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik natijasida ambulator sharoitdagi 36 nafar bemor kerakli dori-darmonlar bilan ta’minlandi.

«Mustaqillik» mahallasidagi eskirgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilayotgan bo‘lsa, «Yoshlik» mahallasi Zamaxshariy ko‘chasidagi suv quvurlari ta’mirlanmoqda.


Shu bilan birga, muddat va mablag‘ talab qiladigan qator masalalarni kelgusi yil dasturlariga kiritish belgilandi. Xususan, «Suvti» mahallasidagi yaroqsiz ko‘prik ta’mirlanishi bilan kamida 400 nafar aholini o‘ylantirayotgan tizimli masala hal qilinadi. Yoki «Xonobod» mahallasidagi 1960 yilda qurilgan 450 o‘rinli 9-sonli maktabga qo‘shimcha bino qurilishi rejalashtirildi. Xuddi shunday «Madaniyat» mahallasidagi 22-, 27-, 47-, 50-sonli maktablarni, ayniqsa, 50-maktabning achinarli ahvoldagi sport zalini rekonstruksiya qilish, mahallalarning qishda loy, yozda chang ko‘chalarini ta’mirlash, «Qo‘shtamg‘ali»dagi 500 ta yaroqsiz simyog‘ochlarni beton ustunlarga almashtirish bilan minglab insonlar real hayotida amaliy o‘zgarishlarga erishiladi.

Respublika ishchi guruhi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.