O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Rossiya Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi Rossiya parlament delegatsiyasini qabul qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.

«Yangi tashkil etilgan Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya faoliyati ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash hamda qonunchilik faoliyatini tashkil etish sohasida tajriba almashishni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Rossiya delegatsiyasining tashrif dasturi

Parlament quyi palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilovning Vyacheslav Volodin bilan uchrashuvida Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya reglamenti imzolangan. Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya parlamentlari o‘rtasida oliy darajadagi komissiyani tuzish haqida 5 iyun kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kelishib olingan edi.

Foto: Davlat dumasi matbuot xizmati


«Bu biz uchun munosabatlarning yangi formati bo‘lib, uning doirasida biz mamlakatlarimiz fuqarolarini tashvishga solayotgan masalalar bilan shug‘ullanishni, energetika, sanoat, fan, ta’lim, aloqa, kommunikatsiyalar, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar, yechimlar, turli tarmoqlar bo‘yicha almashinuv kabi sohalarda davlatlarimiz manfaatlari yo‘lida ishlashni rejalashtiryapmiz. Va, albatta, biz uchun ustuvor masalalardan biri — bu migratsiya, O‘zbekiston yo Rossiya vakillari bo‘lishidan qat’i nazar, mamlakatlarimiz hududidagi fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalaridir. Bu mavzular albatta muhokamalarimiz kun tartibidan o‘rin oladi», — deya Volodinning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Davlat dumasi matbuot xizmati.

Uchrashuvda komissiyaning birinchi majlisi kelasi yil boshidayoq bo‘lib o‘tishi mumkinligi ta’kidlandi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ham Vyacheslav Volodinni qabul qildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasi matbuot xizmati.

Foto: Davlat dumasi matbuot xizmati


Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, transport-logistika, agrosanoat, ilmiy-texnik sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish hamda parlamentlararo hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

Tanzila Narbayeva so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik sohasidagi yutuqlar, jumladan, oktabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiya yakunlari hamda ushbu sessiya MDH parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichini boshlab berganiga to‘xtalib o‘tgan.

Vyacheslav Volodin ikki mamlakat parlamentlari davlat rahbarlari darajasida qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlashi muhimligini takidlagan.

«O‘zbekistonda AQSh bilan hamkorlikning ehtimoliy oqibatlarini baholash uchun donishmandlik yetarli»

Tashrif davomida Davlat dumasi spikeri O‘zbekiston va AQSh munosabatlariga izoh berdi, uning so‘zlari Duma sayti tomonidan e’lon qilingan.

Vyacheslav Volodinning qayd etishicha, AQSh va uning Yevropadagi strategik hamkorlari o‘rtasidagi munosabatlarining natijasi O‘zbekiston uchun Vashington bilan hamkorlik qilishning ehtimoliy oqibatlarini baholashda bir namunaga aylangan.

«Bu yerda donishmand, aqlli odamlar yashaydi — bu ishoralar qanday oqibatlar keltirib chiqarishini tushunishadi», — dedi Davlat dumasi raisi AQSh vakillarining mintaqaga tashriflari ko‘payganiga izoh berarkan.

Vyachleslav Volodinning ta’kidlashicha, AQSh bilan strategik ahamiyati yuqoriroq bo‘lgan munosabatlar Yevropaning iqtisodiyotiga muammolar keltirgan. «Amerikaliklar energoresurslarni o‘zlari uchun bir narxda olib, uni Yevropaga to‘rt barobar qimmat bahoda yetkazib beradi. Ayni vaqtda [ular Yevropani] Rossiyaga qarshi sanksiya urushlari domiga tushirdi, arzon energiyadan foydalanish imkonini beradigan bizning dasturlarimizni to‘xtatib qo‘ydi, vaholanki, aynan shu Germaniyadagi, Fransiyadagi, boshqa davlatlardagi sanoat rivojlanishining asosi edi», — dedi Vyacheslav Volodin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Yevropa Ittifoqi davlatlarining rahbarlari «aynan Rossiya energiya resurslari yevropaliklarning farovonligi asosi bo‘lganini va nihoyat tan ola boshladi, ammo aynan AQSh bu resurslarning Yevropaga kirib bormasligining tashabbuskori bo‘ldi, ular uning o‘rnini o‘zlarining qimmat resurslari bilan to‘ldira boshladi».

«Natijasini sizu biz ko‘rib turibmiz. Bularning barini Osiyo mamlakatlarida yashaydigan, ayniqsa, biz bilan har doim o‘zaro hurmat, do‘stlik va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillari asosida munosabat o‘rnatganlar yaxshi tushunadi», — deb hisoblaydi Davlat dumasi raisi.

Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonga tashrif davomida «juda xilma-xil masalalar, jumladan, umumiy tarix, bizning an’anaviy qadriyatlarimiz, madaniyat masalalari ham» muhokama qilingan.

«O‘rtamizda umumiylik ko‘p. Biz uchun, masalan, oilani buzishga uringan holda, [oilaviy] munosabatlar sohasida tiqishtirilayotgan yangi qadriyatlar nomaqbuldir. Shunday ekan, amerikaliklar, tushunarli holki, qo‘y terisiga yopinib keladi, ammo bo‘rining irjayishi ko‘rinib turadi, shu bois kim kelganini hamma anglab turadi», — degan Vyacheslav Volodin.